TANDIR BARRA
TANDIR BARRA, tandir — milliy taom turi. Tandir barra ko’proq to’y, bayram va yig’ilishlarda ziyofat dasturxoniga tayyorlanadi. Asosan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlariga (Urgut, Zomin, Forish) xos. Tandir barra tayyorlash uchun yonbag’ir yerdan diametri 1 metr, chuqurligi 1,5 metr keladigan o’ra qaziladi yoki tandir quriladi. Tandir ichi guvala kattaligidagi toshlar bilan aylantirib urib chiqiladi. Tandirga atrofidagi toshlar qiziguncha o’t yoqiladi. Yangi so’yilgan qo’y go’shtiga tuz va ziravorlar sepilib, archa shoxlari qadalib, tandir ichiga osiladi. Tandir ostida to’plangan cho’g’ustiga go’shtdan tomgan yog’ yig’iladigan katta mis tog’ora qo’yiladi. Tog’ora atrofiga archaning yashil barglaridan tashlanadi. Tandir usti tunuka tog’ora bilan yopilib, atrofi loy bilan suvaladi. Tandir barra 3 soat chamasi dimlanadi.