TANGRI
TANGRI — 1) Xudo, Alloh. Tangrichilik dinida Xudoning nomi. “Tangri” atamasi ko’p Osiyo xalqlarining eng qadimgi mifologik fondiga kiradi. Tangri qadimgi Shumer tilida (miloddan avvalgi 3-ming yillik) Tengri, tengir, Dengri, dengir; Oltoycha Tengri, tengeri; ozarbayjoncha Dengri, dengir; xakascha tigir, ter; Tuvacha Deer; Chuvashcha tura; yakutcha tangara; mongolcha Tenger; buryatcha tengeri, Tengri; qalmiqcha Tenger; yaponcha Tenri. U qadimgi xunnu tilida ham mavjud bo’lgan (miloddan avvalgi 3-asr va undan ham avvalroq). Tadqiqotchilar Tangrini kengroq talqinda shumercha — tengir — “koinot”, “dengiz” bilan bog’laydilar. Tangri haqidagi tasavvur osmon ruhi egasi g’aqidagi animistik diniy e’tiqodlar asosida shakllangan bo’lib, unda osmon ham bevosita o’zining ko’rinishida, ham Tangri yashaydigan fazo sifatida tasavvur etilgan; 2) Islom dinini ommaviy ravishda qabul qilgan turkiy xalqlarda, jumladan, o’zbeklarda Allohning nomlaridan biri sifatida ishlatiladi. Baxtiyor Karimov.