TAPIRLAR
TAPIRLAR (Tapiridae) — toq tuyoqlilar turkumiga mansub sut emizuvchilar oilasi. Oyoklari nisbatan kalta, oldingi oyoqlarida 4, orqa oyoklarida esa 3 ta barmog’i bor; o’rta barmog’i yaxshi rivojlangan. Tanasining uzunligi 250 santimetrcha, bo’yi (yag’rinidan) 75-120 santimetr, og’irligi 225-300 kilogramm. Terisi jun bilan qoplangan. Dumi qisqa. Kichik va serharakat xartumi yuqori labi o’zgarishidan paydo bo’lgan. Ko’zi kichik, tishlari 42-44 ta. Tropik o’rmonlardagi oqmaydigan suv havzalari qirg’og’ida yakka yashaydi. Tunda faol. O’simliklar bilan oziqlanadi. Yaxshi suzadi. Hid bilish, eshitish organlari yaxshi rivojlangan; ko’zlari yaxshi ko’rmaydi. Yiliga bitta bola tug’adi. Bo’g’ozlik davri 390-400 kun. 5 turi bor. Oddiy tapir (Janubiy Amerikada), tog’ tapiri (Kolumbiya, shimoliy Peru va boshqalar dengiz sathidan 4000 metr baland joylarda), berda tapiri (Kordileradan g’arbda), hind tapiri (Tailand, Malakka yarim oroli, Sumatra oroli va boshqa hududlarda) tarqalgan. Go’shti va terisi uchun ovlanadi.