Taqlid

Taqlid (Arabcha — o’xshatish, o’xshatma; yasama; an’ana), taqlidchilik — 1) muayyan badiiy, ilmiy yo’nalishga, uning namoyandalariga xos g’oya va usullarni tushunibtushunmay, g’ayriixtiyoriy qaytarish, takrorlash. Taqlid an’analarga ijodiy emas, balki mexanik yondashadi, u shoir yoki yozuvchini ijodiy mustaqillik, o’ziga xoslikdan mahrum etadi. Taqlidni badiiy ijoddagi an’analarga ergashish, mavjud an’analarni rivojlantirgan holda ularni yangilab borishdek izdoshlikdan farqlash kerak (Masalan, Navoiyning Jomiy va boshqa shoirlar g’azallariga tatabbulari, Muqimiy va Furqatning Navoiy va Fuzuliy g’azallariga taxmislari ijodiy izdoshlikning namunalaridir). Saroy adabiyotiga xos Taqlidning ayrim ko’rinishlarini Amir Umarxon va Muhammad Rahimxon (Feruz) davridagi ba’zi saroy shoirlari ijodida uchratish mumkin; 2) teatrda — og’zaki dramaturgiya; an’anaviy masxaraboz va qiziqchilar teatrining janri. Unda ijrochilar o’z tana harakatlari, yuz ifodalari, ko’z qarashlari (mimika), tovuhlari va so’zlari orqali qush va hayvonlarning, ba’zan odamlarning xatti-harakatlarini, o’zaro munosabatlarini kulgili qilib tasvirlaydilar, shuningdek, ijtimoiy hayot va turmushdagi ba’zi voqealarni bo’rttirib ko’chirib, tomoshabinlarda kulgi uyg’otadilar.