“TARBIYAI ATFOL”

“TARBIYAI ATFOL” (“bolalar tarbiyasi”) — Buxoro jadidlari tashkil etgan ma’rifiy jamiyat (1908-14). Abduvohid Burhonov, Mukammil Burhonov, Hamidxo’ja Meqriy, Ahmadjon Abdusaidov va boshqalar asos solishgan. Jamiyat faoliyatida S.Ayniy, Usmon Xo’ja, M.Saidjonov va boshqa muhim rol o’ynagan. Jamiyat a’zolari soni 100 ga yaqin bo’lib, ularni Muhiddin Mansurov, Sadr Ziyo moddiy jihatdan qo’llab quvvatlagan. “Tarbiyai atfol” iste’dodli yoshlarni xorijiy mamlakatlarga o’qishga yuborish, usuli jadid maktablarini har tomonlama qo’llab-quvvatlash, bu maktablar uchun o’quv qo’llanmalari va darsliklar yaratish, xorijdagi talabalarga moddiy yordam ko’rsatish ishlari bilan shug’ullangan. Jamiyatning sa’y-harakati bilan, masalan, 1908 yilda Istanbulda buxorolik va turkistonlik yoshlardan 14 kishi tahsil olgan. Jamiyat ko’magi bilan Fitratning “munozara”, “Hind sayyohi bayonoti” va “Sayha” asarlari, shuningdek, S.Ayniy, A.Burhonov, Ikrom domla va boshqalarning kitoblari Turkiyada nashr etilib, Turkistonda tarqatilgan. Jamiyat ma’rifatparvarlik ishlari bilan birga ijtimoiy masalalarga ham e’tiborni qaratdi. Jamiyat a’zolari Buxoroda ma’rifatni yoyish, Fitratning Turkiston jadidchiligining dasturi hisoblangan asarlarini targ’ib etish bilan birga Buxoro amirligida hukm surgan diniy fanatizm va bid’atga qarshi targ’ibottashviqot ishlarini olib bordi, shuningdek, amirlikdagi har qanday yangilikni bo’g’ishga qaratilgan tadbirlarga qarshi norozilik kayfiyatini izhor etib turdi. Ad.: Ayniy Sadriddin, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Xo’jaev Fayzulla, Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Ergashev B.X., Ideologiya nasionalno-osvoboditelnogo dvijeniya v Buxarskom emirate, T., 1991 Qahramon Rajabov.