TARIX INSTITUTI
TARIX INSTITUTI, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Tarix instituti — O’zbekistan, o’zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixini o’rganuvchi, tarix sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlovchi tadqiqot muassasasi. 1943 yil 4 noyabrda SSSR Fanlar Akademiyasi O’zbekiston filiali til, adabiyot va tarix inti negizida tashkil topgan. Dastlabki paytda institutda sovet jamiyati tarixi, yangi tarix, qadimgi va o’rta asrlar tarixi, arxeologiya, etnografiya hamda huquq bo’limlari bo’lgan. O’zbekiston tarixini chuqur o’rganish borasida olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari ko’lamining kengayganligi hamda yetarli ilmiy kadrlar tayyorlanganligi tufayli mustaqil ilmiy tadqiqot institutlari — falsafa va huquq instituti (1958, Toshkent), Arxeologiya instituti (1970, Samarqand) ajralib chiqqan. Sovet davrida hukmron mafkura ta’sirining katta bo’lishiga qaramasdan institut xodimlari tomonidan O’zbekistonning eng qadimgi, o’rta asrlar, mustamlaka davri bo’yicha yirik ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Tarix institutining rivojida Ya.G’ulomov, I.Mo’minov, M.Andreev, O.Suxareva, K.Shoniyozov, P. Aminova, M. Oxunova, B.Lunin, H. Ziyoev, R.Rajapova, D.Alimova va boshqa olimlarning xizmatlari katta bo’ldi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to’g’risida”gi qarori (1998 yil 27 iyul) institut tashkiliy tuzilmasi va tarix fanining vazifalarini strategik jihatdan o’zgartirdi. Ushbu qarorga ko’ra, tarixchilar tomonidan milliy mustaqillik nuqtai nazaridan o’zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi kontsepsiyasi ishlab chiqilgan. Institutning tadqiqot ishlari shu kontsepsiya asosida amalga oshirilmoqda. Tarix instituti O’zbekiston hududlarida ilk davlatchilik asoslarini yuzaga keltirgan tarixiy shartsharoitlar va davlatning kelib chiqish masalasini atroflicha taxlil etish va aniqlash; o’zbek xalqi etnogenezi muammolari bo’yicha arxeologik va barcha turdagi yozma manbalar tadqiqotlari natijalarini jamlash, har tomonlama ilmiyqiyosiy tahlil qilish va muvofiqlashtirish, eng qadimdan hozirga qadar davlatchilik tarixiy bosqichlarida hududimizda yashagan xalqlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’naviy hayoti masalalarini o’rganish, xolisona tadqiqotlar natijalari asosida ilmiy, ilmiy-ommabop asarlar, darsliklar yaratish ustida ish olib boradi. Institutda 30 dan ortiq monografiya, ilmiy-ommabop risola, 5 ta ilmiy to’plam, 11 darslik va o’quv qo’llanmasi nashr etildi (1998-2004). Tarix instituti qoshida Respublika tarix tadqiqotlarini muvofiqlashtiruvchi kengash; tarixiy adabiyotlar, darsliklar, o’quv qo’llanmalarini muhokama va chop etish bo’yicha Respublika ekspert komissiyasi ish olib boradi. Tarix institutida doktorantura, aspirantura va tadqiqotchilik tizimi mavjud bo’lib, undan chet ellik tadqiqotchilar ham (jumladan, AQSh, Koreya, Frantsiya, Turkiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan) foydalanadilar. Tarix instituti qoshida tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash mavjud. Tarix instituti negizida barcha tarixchilarni birlashtiruvchi Yahyo G’ulomov nomidagi “O’zbek xalqi va davlatchiligi tarixi” respublika ilmiy seminari muntazam faoliyat ko’rsatadi. Tarix instituti “O’zbekiston tarixi” ilmiy jurnaliga ega (1998 yil iyulda asos solingan, yilda 4 marta nashr etiladi). Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar bo’yicha davriy to’plamlar, “O’zbekiston tarixining dolzarb muammolariga yangi chizgilar” va “O’zbekiston tarixining yangi sahifalari” turkumida ilmiy-ommabop to’plamlar nashri yo’lga qo’yilgan. Tarix instituti huzurida O’zMU, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Samarkand davlat universiteti va Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti ishtirokida “O’zbekiston tarixi” qo’shma kafedrasi tashkil qilingan hamda tarix faniga ixtisoslashtirilgan Toshkentdagi 9, 216 va Buxorodagi 6 o’rta maktablar bilan hamkorlik olib boradi. Tarix institutida xalqaro aloqalar keng yo’lga qo’yilgan. Jumladan, so’nggi yillarda Toshkentda o’tkazilgan bir qator xalqaro anjumanlarning (“jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash”, 1999, Germaniya bilan hamkorlikda; “Markaziy Osiyo tarix ko’zgusida: o’tmishdan kelajakka”, 2002, Koreya bilan hamkorlikda; “Markaziy Osiyo tsivilizasiyalashgan taraqqiyot yo’lida”, 2003, Koreya bilan hamkorlikda; “Sharq tarixida yoshlar harakati”, 2003, Gollandiya bilan hamkorlikda) tashkilotchisi bo’ldi. YUNESKO tomonidan nashr etilgan “Markaziy Osiyo tsivilizasiyalari tarixi” ko’p jildlik asarning mualliflari tarkibida int ilmiy xodimlari — D.Alimova, R. Mukminova, R.Rajapova, E. Karimov, A.Muhammadjonovlar qatnashdilar. Tarix institutining O’zbekiston davlatchiligi tarixi, moddiy madaniyat tarixi, etnografiya, tarixiy etn. va etnik tarix, tarixshunoslik va ilmiy bibliografik axborot, mustamlaka davri tarixi, mustaqillik davri tarixi bo’limlarida 20 ta fan doktori, 25 ta fan nomzodi faoliyat ko’rsatadi (2004).