TARIXIY JANR

TARIXIY JANR, tarixiy mavzudagi asarlar — adabiyot va san’atdagi asosiy janr yoki mavzulardan biri; tarixiy o’tmish mavzuida yozilgan asarlar turkumi. Badiiy adabiyotning asosiy vazifalaridan biri tarixiy o’tmishda sodir bo’lgan voqealar, yaqin yoki olis o’tmishda yashagan tarixiy shaxslarga bag’ishlangan asarlar yaratishdir. Ilmiy tadqiqotlardan farqli o’laroq, yozuvchi yoki shoir tarixiy mavzudagi asarda tarix haqiqatiga suyangan holda to’qimadan ham samarali foydalanadi. Yozuvchi yoki shoir tarixiy shaxslar bilan birga shu shaxslar obrazini yorqin mujassamlantirish, tasvir etilayotgan davr manzarasini keng va atroflicha yoritish maqsadida to’qima qahramonlar obrazini asarga olib kiradi. Tarixiy mavzuda asar yozuvchi muallifdan tasvir etilayotgan davr hayotini yoki tarixiy shaxsning hayoti va faoliyatini tarix hujjatlari (arxiv materiallari, xotiralar va hokazolar) asosida o’rganish, shu davrning tarixiy koloritini haqqoniy ifodalash, personajlar nutqida o’sha davr kishilari tiliga xos xususiyatlarni aks ettirish talab etiladi. Yozuvchi yoki shoirning tarixiy mavzuga murojaat etishdan maqsadi, kitobxonlarni tarixiy o’tmishdagi muhim voqealar, tarixiy shaxslar hayoti va faoliyati bilan tanishtirish, ularda o’z xalqining tarixiy o’tmishiga nisbatan hurmat tuyg’usini uyg’otish va shu yo’l bilan ma’rifatli avlodni tarbiyalash; zamondoshlarni tarixiy o’tmish voqealaridan, tarixiy shaxslarning hayoti va faoliyatidagi ibratli tomonlardan saboq olishga undash; bugungi voqelikdagi ayrim noxush voqea va hodisalarga tarixiy o’tmish voqealarini tasvirlash orqali munosabat bildirishdir. Tarixiy o’tmish mavzui asosan nasrning roman, qissa va hikoya, dramaturgiyaning tragediya va drama, shuningdek, she’riyatning Doston, ballada, lirik she’r kabi janrlarida yoritiladi. Jahon adabiyotida tarixiy o’tmish mavzui u. Shekspir va F.Shshierttt tragediyalari, V.Skott, J.Golsuorsi, L.N. Tolstoy va boshqa yozuvchilarning romanlarida katta mahorat bilan yoritilgan. Jahon adabiyotidagi tarixiy o’tmish hayotidan olingan ayrim asarlar, masalan, A.Dyuma romanlari yoki A.S. Pushkinning “kichik tragediyalar”ida tarixiy haqiqatdan chekinish, hatto tarixiy haqiqatga zid hodisalarni tasvirlash hollari uchraydi. A.S.Pushkin “Mosart va Saleri” asarida buyuk nemis kompozitorini Saleri tomonidan zaharlangan, deb Mosartning o’limi sababini mutlaqo noto’g’ri talqin qilgan. Bunday hollar jahon adabiyotida shu vaqtgacha yozuvchining badiiy niyati bilan bog’liq holda izohlab kelinadi. Ammo Tarixiy janrning taraqqiy etishi bilan yozuvchi yoki shoirdan tarix haqiqatiga sodiqlik talab etila boshladi. O’zbek adabiyotida zamonaviy tarixiy asar birinchi marta Abdulla Qodiriy tomonidan yaratildi. Yozuvchining “O’tgan kunlar” romani bilan o’zbek adabiyotida tarixiy roman janri maydonga keldi. Oybek “Qutlug’ qon” romanida Qodiriy boshlab bergan tarixiy roman an’analarini rivojlantirdi va “Navoiy” romani bilan tarixiy-biografik roman janriga tamal toshini qo’ydi. Keyinchalik O.Yoqubov “Ulug’bek xazinasi”, XX.Krdirov “Yulduzli tunlar”, Muhammad Ali “Sarbadorlar” romanlari bilan tarixiy roman janrini yangi bosqichga olib chiqdilar. Dramaturgiyada tarixiy mavzuda asar yozish tajribasini Fitrat “Abulfayzxon” tragediyasi bilan boshlab berdi. Keyinchalik shu janrda uyg’un va Izzan Sultonning “Alisher Navoiy”, Hamid Olimjonnnt “Muqanna”, Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” va “Mirzo Ulug’bek”, Abdulla Oripovning “Sohibqiron” singari tragediyalari vujudga keldi va bu asarlar tarixiy shaxs obrazini yaratishda dramaturgiyaning badiiy imkoniyatlari katta ekanini namoyish etdi. She’riyatda esa turli davrlarda Rafik, Mo’minning “Qapchig’ay”, Oybekning “Navoiy” va “Hamza”, Sulton Jo’raning “Bruno”, Usmon Azimning “Xalil Sulton”, Azim Suyunning “Sarbadorlar” singari dostonlari yaratilib, ular tarixiy mavzudagi dostonlarning badiiy tamoyillarini belgilab berdi. Shoirlar tarixiy o’tmish manzaralarini hayotiy voqealar va qahramonlar obrazi orqali tasvir etish bilan birga ko’plab ertakdostonlar ham yaratdilar. Ammo ularni Tarixiy janrga kiritib bo’lmaydi. Negaki, tarixiy mavzudagi har qanday asarda tarixiylik asosiy badiiy mezon bo’lishi va yozuvchi o’z asarida tarix haqiqatiga qat’iy rioya qilishi lozim. Masalan, Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandar Zulkarnayn (Aleksandr Makedonskiy) obrazi mavjudligiga qaramay, uni tarixiy yoki tarixiybiografik asar, deb bo’lmaydi. Tasviriy san’atda Tarixiy janr jamiyat tarixidagi ijtimoiy siyosiy ahamiyatga ega bo’lgan tarixiy voqealar va arboblarni tasvirlashga asoslanadi. Odatda o’tmishni tasvirlaydigan Tarixiy janr, shuningdek, yaqin o’tmishda ro’y bergan va tarixiy ahamiyati zamondoshlar tomonidan tan olingan voqealarni aks ettirishni ham o’z ichiga oladi; ko’pincha maishiy janr, portret, manzara kabi boshqa janrlar bilan, ayniqsa, harbiy voqealarning tarixiy mazmunini yorituvchi batal janri bilan chatishib ketadi. Tarixiy janr rivoji tarixiy nuqtai nazarlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar taraqqiyoti bilan, yuksalish davrlari esa ijtimoiy qarama-qarshiliklar sharoiti, ijtimoiy harakatlar, millatlarning o’zligini anglashining o’sishi, san’atda ilg’or ijtimoiy g’oyalarni aks ettirilishi bilan bog’liq. Tarixiy janrda ko’pincha tarixiy kuchlarning dramatik to’qnashuvi, milliy ozodlik kurashlari, xalqqa tarixni harakatga keltiruvchi faol kuch sifatida qarash kabilar uzining badiiy ifodasini topadi. Tarixiy janr qadimdan — ibtidoiy jamoa davridan bo’lib o’tgan muhim voqealarni eslash, xotirlash va shu xotiralarni tasvirlash zaminida yuzaga kelgan. Old Osiyo, Qadimgi Misr, O’rta Osiyo, Eron hududlarida harbiy yurishlar, podsho, harbiy qo’mondonlarning faoliyatini madh etuvchi ko’p jussali murakkab kompozisiyali asarlar yuzaga kelgan; mamlakatlar ichki hayoti, tashqi aloqalar, elchilar qabuli va boshqa voqealar rassomlar va haykaltaroshlarning asarlarida o’z ifodasini topdi. Jumladan, Tuproqqal’a devoriy rasmlari va haykallari, Afrosiyob devoriy rasmlari va boshqalar Yunonistonda muhim voqealar, tarixiy shaxsning qiyofalari afsonaviy obraz va kompozitsiyalarda ifodalandi. Qadimgi Rimda Tarixiy janr o’z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko’tarildi, asarlar o’zining o’ta realligi va tafsiloti bilan diqqatga sazovor, bu jihatlar, ayniqsa, relefli kompozitsiyalarda namoyon bo’ldi. O’rta asrlarda diniy mavzulardagi asarlarda tarixiy voqealar ham tasvirlandi. Osiyo mamlakatlarida Tarixiy janrda salmoqli asarlar yaratildi, bu ayniqsa, devoriy rasmlar va voqeaband releflarda ko’p uchraydi, miniatyura va monumental san’atda keng rivojlandi. Uyg’onish davrida Tarixiy janr mustaqil janr sifatida shakllandi, 17-18-asrlarda yetakchi janr darajasiga ko’tarildi (D.Velaskes, P. Rubens va boshqalar), tarixiy portretlarga e’tibor kuchaydi (haykaltarosh J. Gudon, rassom J. Reynolde, J. David va boshqalar), 19-asrdan Tarixiy janrda insoniyat tarixida bo’lib o’tgan muhim voqealar, xalq boshiga tushgan og’ir musibatlar asarlarda o’z ifodasini topdi (F. Goyya, O.Delakrua va boshqalar). 19-asr 2-yarmi Yevropa san’atida yaratilgan asarlarda romantik ruh kuchli bo’lsa, peredvijniklar asarlarida tanqidiy ruh yetakchi bo’ldi. 20-asr bo’sag’asida ramziy umumlashma asarlar yaratish, tarixiy portretlar ishlash keng yoyildi. 20-asr jahon madaniyatida mavjud bo’lgan turli oqim va yo’nalishlar Tarixiy janr asarlarida ham namoyon bo’ldi (P. Pikasso, A. Fujeron, O.Diks, G. Gros, R.Guttuzo, D.Rivera, D.Sikeyros va boshqalar). O’zbekiston tasviriy san’aatida Tarixiy janr qadimdan shakllangan va taraqqiy etgan. Tarixiy janrning dastgoh shakllari 20- asr 30-yillaridan rivojlandi. Mahalliy rassomlardan B.Hamdamiy, A. Abdullaev, Sh. Hasanova va boshqalar ijodida tarixiy shaxslarni gavdalantirish muhim o’rin tutadi. 50—60 yillardan o’zbek tasviriy san’atiga keng ko’lamda mahalliy rassomlarning kirib kelishi Tarixiy janr mavzu va uslubining rang-barangligini ta’minladi. M.Nabiev, R. Choriev, J. Umarbekov va boshqa rassomlar ijodida Tarixiy janrga oid asarlar yuzaga keldi. Mustaqillikdan so’ng tarixga, o’tmishga murojaat etish va e’tiborning ortishi Tarixiy janrni yanada yuksalishini belgilab berdi: Jaloliddin Manguberdi, Al-Farg’oniy, Amir Temur kabilarga bag’ishlangan tarixiy turkum asarlar yaratildi. Naim Karimov, Ne’mat Abdullayev.