Tasavvur

Tasavvur — narsa va hodisalar, holatlarni, voqelik obrazlarini eslash, shuningdek, ijodiy xayol surish jarayoni. Xotira shaklida ham namoyon bo’ladi. Agar idrok hozirgi daqiqalarni aks ettirsa, Tasavvur ham o’tmishni, ham kelajakni o’zida mujassamlashtiradi, umumlashgan xususiyat kasb etadi. Lekin Tasavvur idroqdan o’zining muayyan darajada noaniqligi bilan farqlanib turadi. Biroq uning hissiy narsalarga qaratilgan xususiyati ma’lum turlarga ajratish imkonini beradi (ko’rish, eshitish, ta’m va hid bilish, terituyush Tasavvurlari). Tasavvurda tanish hodisalar, joylar, sahnalarga asoslanish xotirlashning samarali vositalaridan biri sifatida xizmat qiladi. Tasavvurni yangi obrazlar bilan boyitish fikrlash topshiriqlarini yechishda muhim urin egallaydi. Bu o’rinda favquloddagi vaziyatlar, shart sharoitlar voqelikka yangicha “nigoh” tashlash yoki tahlil etishni talab qilsa, ular yanada yorqinroq gavdalanadi. Tasavvur bilan tafakkurning hamkorlikdagi munosabatlari yangilik unsurlari paydo bo’lishini, ijodiy xayol timsollari vujudga kelishini ta’minlab turadi. Bilimlarni o’zlashtirishda, kasbiy malakalarni egallashda Tasavvur muhim ahamiyatga ega. Tasavvur ham umumiy, ham xususiy, ham ijtimoiy xususiyat kasb etadi. Ijtimoiy Tasavvur umumbashariy va milliy urf-odatlarni, marosimlar, an’analar hamda qadriyatlarni aks ettiradi. Tasavvur qilishning fiziologik asosi bosh miya po’stlog’ida paydo bo’lgan izlarning qayta tiklanishidir. Tasavvur barqaror emas, ongda uzoq saqlanmay, yangi Tasavvurlar bilan almashinib, o’zgarib turadi.