TASHXIS

TASHXIS, diagnoz — kasallikning xususiyati, mohiyati va bemorning ahvoli haqida vrachlar bergan qisqacha ta’rif, xulosa, kasallikning nomi. Bemorni to’g’ri davolash uchun Tashxis aniq qo’yilishi shart. To’g’ri Tashxis qo’yish uchun bemorda kasallikning o’tish xususiyatlarini bilish, kasallik belgilarini barcha usullar bilan o’rganish va boshqa kasalliklarning belgilariga taqqoslab ko’rish kerak. Tashxisni rasmiylashtirishda asosiy kasallikdan tashqari, unga qo’shilgan yo’ldosh kasalliklar ham ko’rsatiladi. Erta qo’yilgan (kasallikning boshlang’ich belgilariga ko’ra), klinik (tekshirishlar natijasiga asoslanib), differentsial (farqlash), funktsional (a’zolar funktsiyasini tekshirib), davo natijalariga qarab qo’yilgan, shuningdek, vafotdan keyingi (patologoanatomik) va boshqa Tashxislar farq qilinadi. Har qanday kasallikni (masalan, rakni) o’z vaqtida aniqlab, to’g’ri Tashxis qo’yilgandagina davolash natijasi samarali bo’ladi.