TASIS
TASIS (Techical Assissance to Commonwealth of Indepent States) — Yevropa Ittifoqi tomonidan mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) mamlakatlariga Evropa Ittifoqi komissiyasi (EIK)ning grant mablag’lari hisobidan texnikaviy yordam ko’rsatish dasturi. 1991 yilda ishlab chiqilgan. Dastur bozor iqtisodiyotiga o’tish va demokratik jamiyatni barpo etish jarayonini qo’llab-quvvatlash maqsadlarini ko’zlaydi. Yangi texnologiyalar kiritish uchun beg’araz mablag’lar ajratish, hamkorlik aloqalarini o’rnatish, mutaxassislardan iborat guruhlarni yuborish, professional tayyorgarlikni amalga oshirish, maxsus tadqiqotlar o’tkazish va boshqaruv masalalarida maslahat yordami ko’rsatish va boshqalarni amalga oshiradi. TASIS dasturiga kiritilishi mumkin bo’lgan loyixalarni faqat unga hamkor mamlakatlardagi milliy va mahalliy tashkilotlar taklif qilishlari mumkin. Taklif qilingan loyiha ushbu mamlakat bo’yicha tayyorlangan strategiya va yo’nalish dasturida ko’zda tutilgan maqsadlarga mos kelmog’i lozim. Loyiha mazkur davlatdagi TASIS dasturining muvofikdashtirish byurosiga topshiriladi. Byuro ushbu taklifga baho beradi va dastlabki tanlovdan so’ng keyingi muhrkamalar uchun komissiyaning ushbu mamlakatdagi vakolatxonasi yoki to’g’ridan-to’g’ri Bryusseldagi MDH bilan shug’ullanuvchi boshqarmasi orqali Yevropa Ittifoqi komissiyasiga taqdim etadi. Shundan so’ng ushbu loyiha TASIS harakat dasturiga kiritiladi. TASIS boshqa donorlar va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. TASISning mamlakatimizdagi faoliyati 1992 yilda boshlangan va O’zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o’rtasida 1996 yilda imzolangan sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitim asosida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy sarmoyalar departamenti huzuridagi Eikning texnikaviy yordamini muvofiqlashtirish Byurosi tomonidan boshqariladi. TASIS doirasida O’zbekistonda amalga oshirilgan loyihalarning umumiy hajmi 1992 yildan 2003 yilga qadar 125,8 million yevroni tashkil etdi. TASISning “Xususiy fermer xo’jaliklarini qo’llab-quvvatlash loyihasi” bo’yicha 1997 yilda Farg’ona va Sirdaryo viloyatlarida chorvachilik va bog’dorchilik sohasida katta ko’lamdagi ishlar — firmalarni boshqarish, fermer xo’jaliklarini tashkil etish, fermerlar uyushmasi modelini barpo etish dasturlari amalga oshirildi. TASIS loyihasidagi Toshkent shahrida Respublika tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi huzurida tashkil etilgan bozor ko’nikmalarini rivojlantirish markazi kichik va o’rta biznes sohasida malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug’ullanadi. Shuningdek, TASIS tarkibiy islohotlar hamda tashkilotlarni isloh qilish, qishloq xo’jaligi. va agrosanoat tarmog’i, infratuzilmalarni, ayniqsa energetika va telekommunikatsiyalarni rivojlantirishga jiddiy e’tibor bermoqda. O’zbekiston Respublikasi TASISning umumiy qiymati 7,2 million yevro bo’lgan “O’rta Osiyoning mintaqaviy neftgaz infrastrukturasi uchun kichik xajmdagi investisiyalarni moliyalashtirish” (INOGEYT dasturi); “O’rta Osiyo temir yo’llari telekommunikasiyasi” (TRASEKA dasturi); “G’arbiy Tyanshanning bioxilma-xilligini saqlash”; “O’zbekistonda atrof muhitni muhofaza qilish bo’yicha milliy harakat rejasi va ekologiya siyosatini amalga oshirishni qo’llabquvvatlash” (NEAPII) kabi loyihalarida qatnashmoqla (2004). TASIS tomonidan moliyalashtiriladigan asosiy ustuvor yo’nalishlar: davlat korxonalarining qayta tashkil etilishi va xususiy sektorni rivojlantirish; oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va taqsimlashning samarali tizimini yaratish; energetika, transport va aloqa infrastrukturasini rivojlantirish; yadro xavfeizligini ta’minlash; atrof muhitni muhofaza qilish; davlat boshqaruvi, ijtimoiy himoya va ta’lim tizimlarini isloh qilish va boshqalardan iborat. Har bir mamlakat TASISning loyihalarini o’zining ichki ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tanlaydi. Farhod Qurbonov.