Tatar tili

Tatar tili — turkiy tillardan biri. Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasida, Boshqirdiston, Chuvashiston, Mariy el, Udmurtiya, Mordoviya respublikalari va ko’plab viloyatlarining ayrim tumanlarida, shuningdek, O’rta Osiyoda, Qozog’iston va Ozarbayjon respublikalarida tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 7 million kishiga yaqin (20-asr oxiri). Sezilarli fonetik va morfologik tafovutlarga ega bo’lgan 3 lahjasi bor: o’rta, g’arbiy (yoki mishar), Sharqiy (yoki Sibir tatarlari lahjasi). Tatar tili fonetikasi 10 unli fonemaning mavjudligi, labtish v fonemasining, ch qorishiq undoshining yo’qligi, ba’zi unlilar pozitsiyasining umumturiy holatdan farqlanishi bilan ajralib turadi. Morfologiyasida analitik zamon shakllari, etakchi fe’lning ko’makchi fe’llar bilan qo’shilib, harakatning davomiyligi, jadalligi, tugallangantugallanmaganligi kabi ma’nolarni ifodalashi keng tarqalgan. Leksikasida Arabcha, forscha, ruscha va rus tili orqali o’zlashgan baynalmilal so’zlar ko’pchilikni tashkil etadi. Eski adabiy Tatar tili yozma yodgorliklari 13-asrga mansub. 19-asrning o’rtalaridan adabiy til xalq tili bilan yaqinlasha boshlaydi. Hozirgi adabiy Tatar tili fonetik va leksik jihatdan o’rta lahjaga, morfologik jihatdan g’arbiy lahjaga yaqin. Yozuvi 1927 yilgacha Arab grafikasi, 1927-39 yillarda lotin grafikasi, 1939 yildan rus grafikasi asosida shakllangan. Ad.: Sovremenniy tatarskiy Literaturniy yazik. Leksikologiya fonetika, morfologiya, sintaksis, M, 1969-71; Tatarskaya grammatika v tryox tomax, Kazan, 1993.