Tatariston

Tatariston (Tatarstan), Tatariston Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika, Sharqiy Yevropa tekisligida joylashgan. Maydoni 68 ming km2, aholisi 3,8 million kishi (2002). Poytaxti — Qozon shahri. 43 tuman, 20 shahar, 20 shaharcha bor. Davlat tuzumi. Tatariston — respublika. Davlat boshlig’i prezident. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Davlat kengashi (parlament), ijrochi hokimiyatni Vazirlar Mahkamasi (hukumat) amalga oshiradi. Tabiati. Tatariston hududining aksariyat qismi Volganing so’l sohilidagi tekislikdan iborat. Chekka Janubi sharqda Bugulma-Belebey qirlari, o’ng sohilda Volga bo’yi qirlari joylashgan. Neft, gaz, bitum, gips, ohaktosh, dolomit, qo’ng’ir kumir, torf konlari bor. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -13° dan -15° gacha, iyulda 19-20°. Yillik yog’in — 400-450 mm. Asosiy daryolari — Volga va Kama hamda Kamaning irmoqlari — Vyatka, Ij, Oq Idil. Quyi Kama va samara suv omborlarining bir qismi Tatariston hududida. Tataristonning shimoliy qismi o’rmon zonasida, Janubiy qismi o’rmondasht zonasida joylashgan. Tuproqlari podzol, kulrang o’rmon va qora tuproqlar. Butun hududning 16% o’rmon (tog’terak, oq qayin, lipa, eman, zarang daraxtzorlari). Hayvonot dunyosi: bo’ri, tulki, bug’u, tiyin, burunduk,, sug’ur, quyon, qushlardan karqur, kaklik, to’xtatuvaloq va boshqalar. Quyi Kama milliy bog’i, Volgakama qo’riqxonasi tashkil etilgan. Aholisi, asosan, tatarlar (48,5%) va ruslar (43,3%)dan iborat. Chuvash, mordva, udmurt, ukrain va boshqalar ham yashaydi. Shahar aholisi 74%. Davlat tillari — tatar va rus tillari. Dindorlari — musulmon sunniylar va xristianlar. Yirik shaharlari: Qozon, Naberejnie Chelni, Almat, Nijnekamsk, Zelenodolsk. Tarixi. Tatariston hududida odam ilk paleolit davridan yashay boshlagan. Tosh davrining barcha bosqichlariga xos manzilgohlar topilgan. 6-7-asrlarda Tataristonning Turk xoqonligi bilan aloqasi kuchaygan. 9-asrgacha hozirgi Tatariston hududida major (madyar) qabilalari yashagan. Keyinchalik ularni Volga-kama bulg’orlari surib chiqargan. 10-14-asrlarda Tatariston Volga-Kama Bulg’oriyasi tarkibiga kirgan. 1236 yil mo’g’ullar bostirib kelgan va u 1241 yilda Oltin O’rda xonligiga qo’shib olingan. 14-asr oxiri — 15-asr boshlarida Qozon tatarlari shakllana bordi va Oltin O’rda barbod bo’lgach, T. hududida Qozon xonligi tashkil topdi (1438). Rus qo’shinlarining yurishlari (1545-52) natijasida Kozon xonligi bosib olindi. 1708 yilda Qozon guberniyasi tashkil etildi. 18— 19-asrlarda o’lkada sanoat va madaniyat rivojlandi. Movut to’qish, kemasozlik, ko’nchilik, mis eritish, sovungarlik korxonalari barpo etildi. 1804 yil Qozon universiteti ochildi. 1861 yil dehqonlar islohotidan keyin dehqonlarning bezdna qo’zg’oloni bo’lib, uni talabalar ham qo’llab-quvvatladilar. Tatariston mehnatkashlari 1905-07 yillardagi inqilobda faol qatnashdilar. 1917 yil Fevral inqilobidan so’ng milliy demokratik tashkilotlar, jumladan, tanikli inqilobchi M. Vaxitov boshchiligida musulmon sosialistik qo’mitasi tuzildi. 1917 yil 26 oktabr (8 noyabr)da Qozonda Sho’ro hokimiyati o’rnatildi. 1918-19 yillarda Tatariston hududi 2 marta oq gvardiyachilar qo’liga o’tdi. 1920 yil 27 mayda RSFR tarkibida Tatariston ASSR tashkil etildi. 1990 yil 27 avgustda Tatariston Oliy Kengashi respublikaning davlat suverenitetini e’lon qildi. 1992 yildan Tatariston Respublikasi deb atala boshladi, 1991 yil prezident lavozimi ta’sis etildi. Xo’jaligi. Tatariston — Rossiya Federatsiyasi tarkibida iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan respublikalardan biri. Yalpi mahsulotda sanoatning ulushi 46,2%, qishloq xo’jaliginiki 7,5%, qurilishniki 8,2%, transportniki 5,1%. Sanoati. Katta neft konlari ochilishi tufayli iqtisodiyotda tub o’zgarishlar ro’y berdi. Romashka, Shugurovo, Bavli va Zay daryosi bo’ylaridagi neft va gaz konlari ishga tushirildi. Nijnekamsk neft kimyosi sanoatining yirik markaziga aylandi. Qozon shahridagi Kreml, nekamskshina” ishlab chiqarish birlashmalari). Kimyo sanoati (Qozondagi sintetik kauchuk va ro’zg’or kimyosi, Mendeleyevskdagi kimyo zavodlari), mashinasozlik va metall ishlash (Naberejnie Chelnidagi ko’p yuk ortiladigan mashinalar, Qozon, Bugulma, Elabuga, Chistopol, Zelenodolskdagi kompressor, neft va transport mashina-uskunalari, gaz apparatlari, stanok, EHM, vertolyot, soat va sovutkich ishlab chiqarish.), motorsozlik (aviadvigatellar), tibbiyot (kimyo-farmatsevtika birlashmasi, davolash asbob-uskunalari) sanoati rivojlangan. Yengil sanoatda ko’npoyabzal, mo’ynachilik, tikuv, trikotaj, zig’ir tolasini qayta ishlash va boshqalar, oziq-ovqat sanoatida go’sht, sut, sariyog’-pishloq, qand-shakar tarmoklari yetakchi hisoblanadi. Bu tarmoqlarning korxonalari Qozon, Zelenodolsk, Chistopolda joylashgan.Yog’ochsozlik sanoati durust rivojlangan. Elektr energetika sanoati mazut va tabiiy gaz negiziga qurilgan (Nijnekamsk va boshqa issiqlik elektr stansiyalari). Qishloq xo’jaligi don-chorvachilik yo’nalishida rivojlangan. Burdoy, suli, grechixa, javdar, arpa, qand lavlagi, kungaboqar, makkajo’xori, kartoshka, sabzavot, texnika va yem-xashak ekinlari yetishtiriladi. G’arbda bog’dorchilikka e’tibor beriladi. Chorvachiligida qoramol, cho’chqa, qo’y va echki, parranda boqiladi. Quyonchilik va asalarichilik rivojlangan. Transporti. Tataristonda avtomobil, temir yo’l, havo transporti rivojlangan Temir yo’l uzunligi — 879 kilometr, qattiq qoplamali avtomobil yo’llari uzunligi — 12357 kilometr. Volga, Oq Idil, Vyatka daryolarida kema qatnaydi (ichki suv yo’llari uzunligi — 933 kilometr). Qozon shahrida xalqaro aeroport bor. Tatariston hududida bir necha yirik neft va gaz quvurlari, jumladan Almatdan Sharqiy Yevropaga tortilgan neft quvuri, shim.g’arbda Urengoy—Markaziy Rossiya va Urengoy — Pomari—Ujgorod qit’alararo gaz quvurlari o’tadi. Tibbiy xizmati. Tataristonda 15 ming vrach aholiga tibbiy xizmat ko’rsatadi. Har 10 ming aholiga 44 vrach to’g’ri keladi. Vrachlar Qozondagi tibbiyot intida tayyorlanadi. 150 dan ortiq sanatoriy-kurort muassasalari, jumladan, Bakirovo, Vasilevo, Ijevsk mineral suvi. Varzi-Yatchi kurortlari, Tarlovkadagi iklimiy kurort mavjud. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 20-asrning 90-yillari oxirida 24 mingdan ko’proq maktabda 500 mingdan ziyod, 65 ta o’rta maxsus o’quv yurtida 55 ming o’quvchi, 15 ta oliy o’quv yurtida 70 mingga yaqin talaba ta’lim oldi. Muhim oliy o’quv yurtlari: Qozon universiteti, texnika, tibbiyot, texnologiya universitetlari, veterinariya-tibbiyot akademiyasi. Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasining Qozon ilmiy markazi, neft ilmiy tadqiqot va loyiha instituti, kompressor mashinasozlik ilmiy ishlab chiqarish. birlashmasida ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Qozonda Tatariston birlashgan davlat muzeyi, tasviriy san’at muzeyi, adabiyot muzeyi, Bugulmada o’lkashunoslik muzeyi va boshqa muzeylar bor. Adabiyoti. Tatariston yozma adabiyoti boy tarixga ega. Shoir G’alining “Yusuf va Zulayho” dostoni (13-asr boshi), muallifi noma’lum bo’lgan “kesikbosh” va “Taqvodorlarga nasihat” asarlari bizgacha yetib kelgan. Qozon xonligi Rossiyaga qo’shib olinishi va xalqning istibdodga qarshi kurashi adabiyotda o’z aksini topdi (“Pugachyov haqida qo’shiq” va boshqalar). O’rta asrlarda tatar mumtoz adabiyoti sufiylik ruxida davom etdi. 19-asr tatar she’riyatida realizm uslubi qaror topdi. Abdujabbor Qandaliy (1797-1860), Miftohitdin Oqmulla (1831-95) va Yakov Emelyanov (1848— 99) shu oqimning atoqli namoyandalaridir. 19-asr oxirlarida ma’rifatparvarlik harakati kuchaydi. Qayum Nosiriy (1825-1902) adabiy va ilmiy-ma’rifiy asarlari bilan zamonaviy tatar tiliga asos soldi. Shu davrda dastlabki roman va dramalar paydo bo’ldi. 20-asr boshlarida A.To’qay, O.Ibrohimov, Majid G’afuriy va boshqa adiblar tatar xalqining og’ir ahvoli va istibdodga qarshi kayfiyatini, adolatga bo’lgan orzuumidlarini ifoda etdilar. Oktabr inqilobidan so’ng tatar adabiyoti ham sovet adabiyoti o’zanidan borishga majbur bo’ldi. 2-jahon urushida qatnashgan va uning dahshatlarini tasvirlagan tatar adiblari F.Karim, A.Alish, O.Qutuylar orasida Musa Jalil alohida ajralib turadi. Uning fashistlar zindonida yozgan “Maobit daftari” she’rlar kitobi muallifga abadiyat keltirdi. 20-asrning 2-yarmida ijod qilgan shoirlardan I.Yuzeev, Sh.Galiev, S.Sulaymonova, R.Xarisov, yozuvchilardan N. Fattoh, G.Muxametshin, dramaturglardan Yu.Aminov, S.Shakurov, T. Minullinlar xalq hayotini imkon qadar haqqoniy yoritishga intildilar. Tatariston bilan O’zbekiston o’rtasidagi madaniy va, ayniqsa adabiy aloqalar uzoq o’tmishda boshlangan. Ikki xalqning yozma va og’zaki ijodiyoti bir-biriga yaqin. Tatar yozuvchilariga Alisher Navoiy ijodining ta’siri kuchli bo’lgan. Adiblardan Muhammadyor, A.Qandaliy, Q.Nosiriy, O.Ibrohimov, A.To’qay va boshqalar Navoiy asarlarini g’oyat qiziqib o’rganganlar. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida ikki xalqning adabiy va madaniy aloqalari rivojida tatar matbuotining roli katta bo’ldi, tatar tilidagi gazeta va jurnalilar Turkistonda keng tarqaldi. H.H.Niyoziy, So’fizoda, Mirmuhsin Shermuhamedov, Abdulla Qodiriy va boshqalar o’zbek adiblari tatar matbuoti va adabiyotidan bahramand bo’ldilar. A.To’qay, O.Ibrohimov, F.Amirxon, Musa Jalil va boshqalar tatar yozuvchilarining nazmiy va nasriy asarlari o’zbek tiliga, Abdulla Qodiriy, Oybek, G’afur G’ulom, Hamid Olimjon, Mirtemir, Zulfiya, Asqad Muxtor, e’tibor Oxunova va boshqalarning asarlari tatar tiliga tarjima qilingan. Me’morligi va tasviriy san’ati. Tatariston hududida neolit davriga mansub kush va hayvonlarning haykalchalari, naqshin guldor sopol idishlar, jez davriga oid bezak buyum va idishlar topilgan. Volga bo’yi bulg’orlarining suvara, Bilyar, Bulg’or va boshqa shaharlarida mudofaa inshootlari, to’g’ri burchakli turar joylarning qoldiqlari, imoratlarning vayronalari (10-13-asrlar) saqlanib qolgan. Oltin O’rda xonligi xukmdorligi davrida (13-asr o’rtalari) g’isht va toshdan O’rta Osiyo me’morligi uslubiga yaqin bo’lgan rasmlar, rangdor keramika, naqshli o’ymakorlik bilan bezatilgan qal’a, saroy, hammom, maqbaralar qurilgan. Qozon xonligi Rossiya tomonidan bosib olingach, rus me’morligining ta’siri kuchaydi (Qozon Kremli, 16-asr). 18-asrda qisman barokko uslubi yoyildi, 19-asrda rus klassisizmining ta’siri sezildi (Qozon universiteti, 1825-30). 20-asr boshlarida qorishiq me’morlik raem bo’ldi, yog’och uylar ko’proq qurildi. Amaliy bezak san’ati turlaridan zargarlik, zardo’zlik, patsiz gilam to’qish, charmdo’zlik, tosh va yog’och o’ymakorligi rivojlandi. 20-asrning 20-yillaridan Tatariston me’morligi umumittifoq yo’nalishidan bordi. Eski shaharlar (Qozon, Bugulma, Chistopol va boshqalar) qayta qurildi, yangi shaharlar (Nijnekamsk, Naberejnie Chelni va boshqalar) barpo etildi. Jamoat binolaridan Qozondagi Matbuot uyi (1933-37, me’mor S.Pen), Musa Jalil nomidagi opera va balet teatri (1933 — 56, me’mor N.Skvorsov va I.Gaynutdinov), Qozon shahridagi stadion (1960, me’mor P.Sanachin va boshqalar), konservatoriyaning kontsert zali (1967, me’mor M.Agishev va boshqalar), tsirk (1967, me’mor G. Pichuev) qurildi. 19-asrda rangtasvir va grafika san’ati (L.Kryukov, V. Turin) rivojlana boshladi. 1895 yil Qozonda ochilgan rassomlik maktabida P. Benkov, N.Feshin va boshqalar dars berdi. 20-asr boshlarida M.Galeev, G.Gumarov kabi dastlabki grafik bezakchilar voyaga yetdi. 20-asrning 20—30-yillarida rassomlar (rangtasvirchi, haykaltarosh va fafik B.I.Urmanche, haykaltarosh S.Oxun, grafik F.Tohirov) ijod qila boshladi. 60—90-yillarda I.Rafiqov, G.Rahmonqulov, L.Fattohov, X.Yoqubov, N.Odilov, R.Nigmatullina, V.Malikov, Z. Gimayev, K. Nafikov kabi rassomlar, I. Kolmogortseva, I.Yazinin kabi grafiklar ijodi mashhur bo’ldi. Musiqasi. Tatariston professional musiqasi xalq og’zaki ijodi an’analari asosida vujudga kelgan. Musiqiy folklorda qo’shiqchilik asosiy o’rin tutadi: uzun kuy (lirik ashulalar), qisqa kuy (hazil va o’yin qo’shiqlari), takmak (lapar), Munojot (diniy qo’shiqlar), bayt (epik termalar) va boshqalar. Hozirgi xalq qo’shiqlarining aksariyati garmon yoki bayan jo’rligida ijro etiladi. Cholg’u asboblari: quray (nay turi), changqo’biz, mandolina, domra, gusli va boshqalar. 1920-yillardan G.Kamol nomidagi musikali teatr Tatariston milliy musika madaniyatining markazlaridan biriga aylandi. Teatr musiqasi, ommaviy qo’shiq janrlari rivojiga S. Saydashev katta hissa qo’shgan. “Soniya”, “ishchi” kabi dastlabki tatar operalari shu teatrda qo’yildi. 20-yillardan musiqa texnikumlari, radiomarkaz, opera studiyasi ochildi; 1937 yil A. To’qay nomidagi filarmoniya, ashula va raqs ansambli, Xalq ijodi uyi, 1939 yil Tatariston opera va balet teatri tashkil etildi. Opera janrini N. Jiganov, X.Valiullin, M. Muzafarov, J. Fayzi, baletni F.Yarullin va boshqalar, musiqiy komediyani J. Fayzi rivojlantirdilar. A. Abbosov, Z.Bayrasheva, A. Izmaylova, G.Kaybiskaya, M. Bulatova, F.Nasriddinova, M.Rahmonqulova, Z.Xizmatullina, V.Sharipova kabi xonandalar, X.Fazlullin, J.Sadrijiganov kabi dirijyorlar, M. Nigmedzyanov, Z. Saydasheva, J. Fayzi kabi musiqashunoslar mashhur. Musiqa kadrlari Qozon pedagogika intoning musiqa fakultetida, konservatoriya va uning huzuridagi maxsus maktabda, musiqa maktablarida tayyorlanadi. Teatri. Xalq o’yinlari va tomoshalari Tatariston teatr san’atining ilk manbalari bo’ldi. Milliy teatr 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida shakllana boshladi, dastlabki havaskor teatr truppalari vujudga keldi. 1906 yil Qozonda tatar tilidagi birinchi teatr tomoshalari ko’rsatildi. 1920 yil turli teatr jamoalari asosida “birinchi namunali tatar davlat truppasi” (1939 yildan G.Kamol nomidagi Tatariston akademik teatri) tuzildi. 20—30-yillarda tatar teatri tez sur’atlar bilan rivojlandi. Ketma-ket teatrlar: “sabanchi” (1920), “Eshchi” (1932), Kuchma teatr (1933), G.Kamol nomidagi teatrning qishloq filiali, Menzeli qishloq teatri (1935) tashkil etildi. Ularning sahnasida mahalliy dramaturglardan K.Tinchurinning “Amerikalik”, “Elkansiz qayiq”, “Kandra daryosida”, F.Burnashning “Keksa Kamol”, T. Izzatning “uchqunlar”, “oqimlar”, shuningdek, U.Shekspir, F.Shiller, P.Bomarshe, N.Gogol pesalari qo’yildi. 50— 60-yillarda rej.larning yangi avlodi (M.Salimjonov, P.Isanbet, R.Tumashev, M. Mustafin) teatr sohasida ish boshladi. Boshqa xalqlarning, shu jumladan, O’zbekistonning teatr jamoalari bilan ijodiy aloqalar kengaydi, gastrol safarlari uyushtirildi: G.Kamol nomidagi Tatariston akademik drama teatri Toshkentga bir necha bor kelib, o’z spektakllarini namoyish etdi. Qozonda yosh tomoshabinlar teatri, Tatariston drama va komediya teatri, qo’g’irchoq teatri, Tatariston sayyor drama teatri ishlaydi. Teatr san’atining tanikli arboblari: X.G. Abjalilov, F.Xalitov, Sh.Biktimirov, V.Pavlova, G.Shamukov va boshqalar.