Tatevosyan Oganes Karapetovich

Tatevosyan Oganes Karapetovich (1889.1.3, Yerevan — 1974.3.7, Moskva) — manzarachi rassom, O’zbekiston xalq rassomi (1945). Moskva rassomlik, haykaltaroshlik va me’morlik bilim yurtida ta’lim olgan (1911— 17). 1917— 66 yillarda O’zbekistonda, 1966 yildan Moskvada yashagan. Manzara ustasi bo’lgan. Asarlarida O’zbekiston tabiatini, uning mehnatkash xalqini, Sharqni — qadimgi Samarqand va Buxoroni o’ziga xos tarzda tasvirladi: “eski Samarkand” turkumi (“Peshin. Ko’cha manzarasi”, 1915; “Registon maydoni tush paytida”, 1916; “tunda choyxona”, 1916; “Sherdor madrasa oldida”, 1917 va boshqalar), “Sayil” (1918), “Bog’ yo’li” (1928), “qovun bozori” (1929), “Kattaqo’rg’on suv ombori qurilishida” (1940), “Bahor” (1961), “Bahor. Toshkentning chekkasi” (1961), “Bahor tashvishlari” (1962) va boshqalar. Plakatlar, natyurmortlar (“lolalar”, “atirgullar”, 1947; “Mevalar”, 1950 va boshqalar) yaratgan. Asarlari respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylari va to’plamlarida saqlanadi.