TAVTOLOGIYA
TAVTOLOGIYA (Yunoncha tautologia — aynan o’sha so’z) — 1) bir fikrni, mazmunni boshqa so’z yoki so’zlar (so’z birikmasi, ran) bilan takroran ortiqcha ishlatish, so’zni ortiqcha takrorlash. Masalan, chin haqiqat, gap gapirmoq, butunlay va to’laligicha kabi. Tavtologiya tushunchasi pleonazm tushunchasi bilan bog’liq; ba’zan Tavtologiyani pleonazmning bir ko’rinishi deb hisoblashadi. Aslida ular bir xil hodisa emas. Tavtologiya, pleonazmdan farqli o’laroq, nutq hodisasi hisoblanib, til tizimi va me’yori doirasiga kirmaydi. U, odatda, so’zlovchining mantiqan va til jihatdan yetarli darajada savodxon emasligini ko’rsatadi. Shuning uchun ham frantsuz tilshunosi Sh. Balli uni nuqsonli pleonazm deb atagan edi. Uslubiy g’alizlik natijasi bo’lmay, muayyan uslubiy vosita sifatida qo’llanganda, Tavtologiya nutqning emosional ta’sirchanligini oshiradi, lekin ilmiy va rasmiy uslublarda Tavtologiyaga yo’l qo’yib bo’lmaydi; 2) mantiqda o’ziga xos hukm, unda ta’riflanadigan tushuncha aynan o’zi vositasida ta’riflanadi, ya’ni ta’rifning aniqlovchi qismi aniqlanuvchi qismida ifoda etilgan ma’noni takrorlaydi. Natijada mazmun bir xil bo’lib qolaveradiyu, uni ifodalagan so’zlar esa turlicha bo’ladi. Tushunchalarni to’g’ri ta’riflash — mantiqiy talablardan biri. Ta’riflanayotgan tushuncha o’zi bilan emas, boshqa tushunchalar bilan ifodalanishi va tushunchaning mohiyati ochib berilishi lozim. “Odam insoniy xislatlarga ega bo’lishi lozim”, “tobi qochgan odam kasaldir” kabi ta’riflarda qaytariq mavjud. Shunday qaytariq mantiqda Tavtologiya deb ataladi.