Teatr musiqasi

Teatr musiqasi – 1) keng ma’noda — barcha musiqali (opera, balet, operetta, musiqali drama, musikali komediya, vodevil, myuzikl va boshqalar) hamda dramatik spektakllar uchun yozilgan musiqa; 2) tor ma’noda — dramatik teatr spektakl (drama, komediya, tragediya)lari musiqasi. Odatda, vokal, cholg’u, xor va orkestr musiqiy lavhalaridan iborat. Musiqa katta o’rin egallagan drama san’ati shakllari qadimdan ma’lum. O’zbekistonda qiziqchimasxaraboz va qo’g’irchoqboz tomoshalari va boshqa musiqa bilan ijro etilgan. Kompozitorlik san’ati rivoji natijasida Teatr musiqasi yangi pog’onaga ko’tarildi, erkin almashinuvchi musiqiy lavhalar o’rniga muayyan spektakllarga maxsus musiqa asarlari yozila boshlandi (V.A.Mosart, Y.Gaydn, L.Betxoven, keyinchalik F.Mendelson, R.Shuman, M.Glinka, G.Berlioz, E.Grig, J.Vize va boshqalar). 20-asrda teatr spektakllaridagi musiqaning mavqei yanada kuchaydi, ba’zi musiqa (kantata, oratoriya kabi) janrlarining sahnaviy turlari yuzaga keldi (K.Orf, I.Stravinskiy, A.Onegger va boshqalar), yangi sintetik janrlar paydo bo’ldi (I.Stravinskiyning “Shoh Edip”, “Askar tarixi” va boshqalar). Teatr musiqasi sahna raqs harakatlarini ifodalovchi, dramatik holatlarga izoh beruvchi, ramziy yoki majoziy ma’noga ega lavhalar, shuningdek, qahramonlarning ichki his-tuyg’ularini bayon etuvchi epizodlardan iborat bo’ladi. Ayni paytda, u asar sahnalarini o’zaro bog’lab, dramaturgik vazifalarni ham bajaradi. O’zbekistonda Hamza, Xurshid, G’.Zafariy va boshqa dramaturglar o’z spektakllarida o’zbek musiqa merosidan keng foydalanishgan; ilk professional (maxsus yaratilgan) Teatr musiqasi namunalari 1940 yillar oxiri — 60-yillarda paydo bo’lgan (“Alisher Navoiy”, M. Burhonov 1948; “Yo’lchi yulduz”, I.Akbarov, 1957; “Hamza”, 1960, “Mirzo Ulug’bek”, 1964, M.Leviev va boshqalar). Keyinchalik, A.Malaxov (“Varshava kuyi”, “Sevgi uchun 10 kechakunduz”, 1968), F.YanovYanovskiy (“iztirob va umid kunlari”, 1974), A.Berlin (“Otello”, 1972), 1980—2000-yillarda A.Ergashev (“Ufq”, 1995, “o’tgan kunlar jangnomasi”, 2003), A.Ikromov (“Qirol Lir”, 1998), D.YanovYanovskiy (“Malikai Turandot”, 2000, “rezina sotuvchilar”, 2004), A.Kim (“Iso va Yaxuda”, 2002) va boshqa kompozitorlar Teatr musiqasi sohasida ijodiy muvaffakiyatlarga erishgan. Ad.: Mirhaydarova Z., Muzo’ka v dramaticheskom teatre, T., 1986. Zakiya Mirhaydarova.