Tempera

Tempera (italyancha tempera — bo’yoqni aralashtirmoq) — 1) bo’yoq moddasi va bog’lovchi moddasi suvli emulsiya va tuxum sarig’idan tarkib topgan bo’yoq. Bog’lovchi moddalar tarkibiga qarab sariq Tempera (tuxum sarig’i qo’shilgan), oq Tempera (tuxum oqi qo’shilgan), kazeinli Tempera va boshqa turlari bor. Sanoat usulida katta va kichik tyubiklarda ishlab chiqariladi; 2) Tempera bo’yoqlari yordamida yaratiladigan rangtasvir turi; monumental va dastgoh san’atida keng qo’llaniladi. Temperada yaratilayotgan asarlar sirti lok bilan qoplanmaydi, shuning uchun ular mayin jilosiz sirtga ega. Tempera asarlarida rang va rang tuslari tashqi ta’sirga chidamli, o’zining dastlabki sifatini moybo’yoq rassomligiga nisbatan uzoq vaqt saqlaydi. Temperani akvarel va guash bilan qo’shib ishlatish mumkin.