TENGLIK

TENGLIK — jamiyatdagi barcha shaxs, qatlam, guruh, partiya va shu kabining qonun oldida baravarligini ifodalovchi tushuncha; adolatli jamiyatning asosiy tamoyillaridan biri. Tenglik ta’minlangan jamiyatda uning barcha a’zolari yashash, ta’lim olish, mehnat qilish, erkin kasb tanlash, mulkdor bo’lish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, qariganda, mehnat layoqatini yo’qotganda ijtimoiy ta’minot olish, fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi, saylash va saylanish kabi huquklarga ega bo’ladi.

TENGLIK — “=” ishorasi bilan biriktirilgan ikki ifoda. Tenglik to’g’ri va noto’g’ri hamda sonlardan va harflardan iborat bo’lishi mumkin. Evklid geometriyasiga binoan mos tomonlari o’zaro teng uchburchaklar teng bo’lsa, affin geometriyada barcha uchburchaklar o’zaro teng. Tenglikning xususiy hollari tenglama va ayniyatlardir.