TEPLOVIDENIE

TEPLOVIDENIE (rus. teplo — issiklik va videnie — ko’rish) — oddiy ko’zga ko’rinmaydigan ob’ektlar chiqaradigan yoki ulardan qaytadigan infraqizil nurlanish bo’yicha ularning ko’rinadigan tasvirini hosil qilish usuli. Qorong’i joyda yoki optik shaffofmas muhitda turgan ob’ektlarning o’rnini aniklash, murakkab yuzalarning ayrim joylari qizdirilganlik darajasini, noshaffof jismlarning ichki tuzilishini o’rganish uchun qo’llanadi. Qizdirilgan jism o’zidan ko’zga ko’rinmaydigan issiqlik nurlari chiqaradi. Bu infraqizil nurlanishlarni maxsus qabul qilgichlar yordamida qabul qilib, biror usul bilan ko’rinadigan tasvirga aylantirish mumkin. Dastlabki T. qurilmalari 20-a. 30-y. larida issiqlik nurlarini elektr signaliga aylantirib beruvchi qabul qilgich sifatida bolometr va termopara ishlatilgan. 1970 y.ga kelib, teplovizor deb ataluvchi T. tizimi rivojlandi. Teplovizor, asosan, qabul qiluvchi kamera va tasvirlarni ko’rsatuvchi indicator qurilmalardan iborat. Keyinchalik yaratilgan teplovizor-larda maxsus usul bilan sovitiladigan fotopriyomniklar hamda piroelektrik qabul kilgichlar keng ishlatiladi. Bunday teplovizorlar to’lqin uz. Xq5—6 mkm bo’lgan nurlarni oson qabul qila oladi. Ular inson tanasining ayrim joylari haroratini 0,1° aniqlikda sezadi. Bu esa rak kasalliklarini va qon aylanish tizimida mavjud bo’lgan buzilishlarni oldindan aytib berishga imkon beradi. Gammarentgen, ultratovush, elektromagnit to’lqinlardan foydalanib ishlaydigan usuli — introskopiya keng qo’llaniladi. T. qurilmalari kosmonavtika, tibbiyot, qurilish, Qx., geologiya, navigasiya, defektoskopiya, harbiy ish va b. sohalarda qo’llanadi.