Termiziy Abu Iso, Imom Termiziy

Termiziy Abu Iso, Imom Termiziy (to’liq nomi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zaxdok Sullamiy Bug’iy Termiziy) (824, Termiz — 892, Bug’ qishlog’i, hoz. Sherobod tumani) — buyuk muhaddis. Sullamiy deb nisbat berilishiga sabab bobolaridan biri sullam de-gan Arab qabilasiga do’st tutingan, Bug’iy deyilishiga sabab o’sha vaqtdagi but nomli qishloqda vafot etib, shu erga dafn qilingan. Umrining oxirida ko’zi ojiz bo’lib qolgani uchun adDarir taxallusi bilan xam atalgan. T.ning yoshlik yillari Termiz sh.da o’tgan, dastlabki ma’lumotni ham shu erda olgan. Bolaligidan o’ta ziyrakligi, xotirasining kuchliligi, noyob qobiliyati bilan o’z tengqurlaridan ajralib turgan. Diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan o’rgangan, bu boradagi bilimlarini yanada oshirish uchun ko’pgina Sharq mamlakatlariga borgan. Uzoq yillar Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Uzoq davom etgan safarlari chog’ida qiroat ilmi, bayon, fikd, tarix, ayniqsa, o’zi yoshlikdan qiziqqan hadis ilmi bo’yicha o’sha davrning yirik olimlarndan ta’lim oladi. Mashhur muhaddislardan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Sayd, Ishoq ibn Muso, Maxmud ibn G’aylon va b. uning ustozlari edi. T. Imom Buxoriy bilan uchrashganida (bu uchrashuv Nishopurda bo’lgan va ikki alloma 5 y. birgalikda yashashgan) qadisning matninigina emas, uning hikmati va falsafasini tushunib etganini e’tirof etadi. O’z navbatida Imom Buxoriy o’z shogirdini maqtab, kamtarinlik bilan: “Sen mendan bahra topganingdan ko’ra men sendan ko’proq bahra topdim”, degan. Bu T.ga berilgan juda katta baho edi. T. yo’lda, safarda bo’lganda ham, yoki bir joyda muqim turganda ham ustozlaridan, uchratgan roviylardan eshitgan hadislarni yozib olar, ularni tartibli ravishda alohidaalohida qayd qilib borardi. 868 y. xorij safaridan o’z yurtiga qaytgan T. ilmiyijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashg’ul bo’ldi va yirik muhaddis olim, Imom sifatida Shuhrat qozondi. Taqvodorlik, Islom dini va o’z obro’siga gard yuqtirmaslikka intilish, dunyo molmatosi va boylikka beparvo qarash, oxiratning g’amini eyish T.ning hayoti tarzi edi. T.ning shogirdlari uning ishlarini davom ettirdi. Ular ichida Makhul ibn alFadl, Muhammad ibn Maxmud Anbar, Hamod ibn Shokir, Abd ibn Muhammad Nasafiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy va b.ni ko’rsatish mumkin. T. qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha etib kelgan. “AlJomi’ assahih” (“ishonarli to’plam”), “ashshamoil annabaviya” yoki “ashshamoil Annabiy sallolohu alayhi va sallam” (“Payg’ambar alayhissalomning shakl va sifatlari”), “alilal filhadis” (“Hadislardagi illatlar”), “risola filxilof valjadal” (“hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “atta’rix” (“Tarix”), “kitob uzzuhd” (“Zohidlik kitobi”), “kitob ulasmo valkuno” (“ismlar va kunyalar kitobi”) va b. T.ning asarlari ichvda eng mashhuri, shubhasiz, “alJomi’assahih” bo’lib, 6 ta ishonchli hadislar to’plamidan biridir. Ushbu asar ilmiy manbalarda “Jomi’atTermiziy”, “Sahihi Termiziy”, “Sunani Termiziy” nomi bilan ham ataladi. T.ning muhim asarlaridan yana biri “ashshamoil annabaviya” Muhammad (as)ning shaxsiy hayoti, u zotning suvrat va siyrati, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni o’z ichiga qamragan manbadir. Bu kitob azaddan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini o’ziga tortib keladi. Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Uning tili ravon, uslubi g’oyatda oddiy. Asar fors va turk tillariga tarjima qilingan. “Ashshamoil annabaviya”ning 1-qismida keltirilgan hadisi shariflar payg’ambarning suvrat (tashqi qiyofasi) iga, 2qismida keltirilgan hadisi shariflar esa ichki dunyosiyu, axloqiy fazilatlarini bayon qilishga bag’ishlangan. Kitobning 16-a.ga oid bir qo’lyozmasi Toshkentda, O’zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanadi. “Ashshamoil annabaviya” o’zbek tiliga o’girilib so’nggi yillarda Toshkentda bir necha bor nashr etildi. 1990 y. T. tavalludining 1200 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Mustaqillik yillarida T.ning yodgorlik majmuasi qaytadan ta’mirlanib, qutlug’ ziyoratgohga aylantirildi. As: Sunani Termiziy, 1J., T., 1999; Shamoili Muhammadiya, T., 1991; Sahihi Termiziy, T., 1993. Ad.: Buyuk muhaddislar (Imom alBuxoriy, Imom Muslim, Imom atTermiziy), T., 1998; Buyuk allomalarimiz, T., 2002; Uvatov U., Donolardan saboklar, T., 1994. Ubaydulla Uvatov.