Teylerioz
Teylerioz — kavsh qaytaruvchi hayvonlarda uchraydigan invazion transmissiv kasallik. Limfa bog’lamlari va parenxima organlarida, so’ngra qon eritrosidlarida parazitlik qiladigan Thieleria avlodiga kiruvchi bir hujayrali pigmentsiz sodda parazitlar qo’zg’atadi. Kasallik Evropa, Osiyo va Afrika davlatlariga tarqalgan. Qoramollarda T.sergenti, T.mutans; qo’y va echkilarda T.ovis keltirib chiqaradi. Ko’proq 6 oylik buzoklar qattiq kasallanadi. Kasallik ko’zg’atuvchisi sog’lom mollarga zararlangan yaylov kanalari orqali yuqadi. Kasallik, asosan, yilning iliqissiq faslida, kanalarning faol harakati davrida boshlanadi. Limfa bezlari, taloq va jigar kattalashadi, shirdon shilliq qavatida yumaloq yaralar paydo bo’ladi. Davolash: globulin, bigumal qo’shilgan xinosid, tetrasiklin qatori antibiotiklari, simptomatik vositalar (kofein, ftalazol, kobalt xlorid, mis sulfat, vitamin V12) yaxshi samara beradi. Oldini olish: krramollar T.ga qarshi tirik vaktsina yordamida emlanadi. Qarshi kurashish asosan qo’zg’atuvchini tashuvchi kanalarni yo’qotishga qaratiladi. Mollarning kanalashi muntazam ko’zdan kechiriladi, bahoryozkuz oylarida har haftada bir marta kanalarga qarshi ishlov beriladi, chorvachilik ob’ektlari, molxonalari har 1,5—2 oyda bir marta dezakarizasiya qilinadi. Hoshim Nurmamatov.