Tez tibbiy yordam
Tez tibbiy yordam – inson hayoti hamda sog’lig’i uchun xavfli holatlar ro’y berganda kechasiyu kunduzi ko’rsatiladigan tibbiy yordam turi va tizimi. Ilk bor T.t.yo. 1918 y. Toshkent sh.da punkt sifatida tashkil etilib, 1926 y. mustaqil T.t.yo. stantsiyasiga, 1974 y. T.t.yo. klinik kasalxonasi bilan birlashtirilib, bo’limga aylantirildi. 1983 y. kasalxonadan ajratilib, mustaqil shahar tez va shoshilinch tibbiy yordam stantsiyasi deb ataldi. T.t.yo. ning vazifasi hodisa yuz bergan joyda, uyda, bemorni kasalxonaga olib keta turib shoshilinch, shu jumladan mutaxassis vrach tomonidan yordam ko’rsatish, lozim bo’lsa, bemorlarni kasalxonaga etkazishni ta’minlashdan iborat. Bundan tashqari, T.t.yo. xizmati ko’zi yoriydigan ayollarni yoki uyida ko’zi yoriganlarni vrach talabiga ko’ra davolash muassasalariga olib boradi. T.t.yo. xodimlarini chaqirish uchun yagona telefon indeksi (03) joriy etilgan. T. t.yo. stantsiyalari xodimlari mehnatga qobiliyatsizlik varaqalari, sudtibbiy eksperti xulosalari, shuningdek, bemorlarga yo ularning qarindoshlariga yozma ma’lumotnoma berish huquqiga ega emas. Qishloq joylarida kunning istagan paytida T.t.yo. ko’rsatish vrachlar va o’rta tibbiyot xodimlari zimmasiga Yuklangan. Olis va borish qiyin bo’lgan joylarga sanitariya aviasiyasi vositalari bilan shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatiladi. T. t.yo. mashinalari radiolashtirilgan bo’lib, ikki tomonlama telefon aloqasi bilan ta’minlangan, nafas va narkoz berish apparatlari, kislorod ingalyatorlar, elektrokardiograf va b. zaruriy asboblar bilan jihozlangan. Yirik shaharlar, jumladan Toshkentda ham ixtisoslashtirilgan maxsus reanimasion, kardiologik, nevrologik, toksikologik, pediatriya, intensiv terapiya brigadalari va b. tashkil etilgan. Bu uyda va yo’lda keta turib ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko’rsatishga imkon beradi.