Tizimguldoshlar, tizimgullilar
Tizimguldoshlar, tizimgullilar (Verbenaceae) — ikki urug’pallalilar sinfiga mansub o’simliklar oilasi. Daraxt, buta va o’tlardan iborat 90 turkumi va 2900 ga yaqin turi bor. Asosan, tropik va subtropik mintaqalarda tarqalgan. O’zbekistonda 2 turkumga mansub 4 turi usadi. Poyasi 4 qirrali, barglari qaramaqarshi yoki halqasimon o’rnashgan; yonbargsiz, gullari zigomorf, to’pgulli barg qo’ltig’i yoki poya uchida joylashgan; gultojbarglari bir-biri bilan qo’shilib, tubi nay, uchi esa ikkita lab hosil qiladi; changchilari 4 ta, urugchisi bitta; tugunchasi ustki, 4 xonali; mevasi 4 ga bo’linadigan danak. Dorivor, efir moyli, ziravor, qimmatbaho yog’och beradigan va oziq-ovqat (sabzavot) sifatida ishlatiladigan turlari bor.