TO’G’RULBEK

TO’G’RULBEK, Sulton To’g’rulbek, Muhammad To’g’rulbek Ruknuddin Abu Tolib (993 — 1063.4.9) — Saljuqiylar davlatining asoschisi va 1-sultoni (1038 -63). Saljuqbekning nevarasi. Ibn al-Asirning yozishicha, 11-asrning boshlarida birodari Chag’ribek Dovud (990 -1060) bilan birgalikda ko’chmanchi o’g’uzlar — saljuqiylarning harbiy birlashmalariga boshchilik qilgan. 1025 -30 yillarda To’g’rulbek boshchiligidagi Saljuqiylar Alitegin va Sirdaryo yabg’usi qo’shinlariga qarshi muvaffaqiyatli harbiy harakatlar olib borishgan. 1035 yil may oyining boshlarida 10 ming kishilik saljuqiylarning otliq qo’shini To’g’rulbek va Chag’ribek qo’mondonligida Amudaryoni kechib o’tib, Amul (hozirgi Turkmanobod) ni egallagan va Marvdan Nisoga yo’l olgan. G’aznaviylar sultoni Mas’ud G’aznaviy ularga qarshi qo’shin jo’natgan. Bu jangda Saljuqiylar g’alaba qozonib, Xurosonda o’z mavqelarini tobora mustahkamlab borishgan, xususan, Tus va Nishopurni egallab, To’g’rulbekni Nishopurda Sulton deb e’lon qilganlar (1038 yil iyun). Dandanakon jangida G’aznaviylar ustidan qozonilgan g’alabadan so’ng To’g’rulbek Xuroson hukmdori deb e’lon qilingan. 1040 -1055 yillarda To’g’rulbek Xorazm, Eron, Iroq, Ozarbayjon, Armanistonga harbiy yurishlar uyushtirib, bu hududlarning katta qismini Saljuqiylar davlati tarkibiga qo’shib oldi. Qoraxoniylar ham Movarounnahrda To’g’rulbek hukmronligini tan olishga majbur bo’lgan. To’g’rulbek Arab xalifaligi poytaxti Bag’dodni egallab (1058 yil 23 aprel), o’z nomiga xutba o’qittirgan va abbosiylar sulolasining xalifasi alqoim (hukmronlik davri: 1031 -75) uning “Sulton” unvonini tan olib, To’g’rulbekka “almashriq va almag’rib sultoni” degan yuksak unvonni ham bergan. To’g’rulbek xalifani buvayhiylar (ular shialardan bo’lgan)ning tazyiqidan xalos qilib, Islom dinining sunniy mazhabini mustahkamlagan. Keyinchalik To’g’rulbek xalifa alqoimning qizi Sayyida Nisoga uylangan (1063.17.2). To’g’rulbek 1038 yildayoq harbiy xizmatlari evaziga yirik lashkarboshilar va qarindoshurug’lariga mamlakat hududini iqtosifatida taqsimlab bergan. To’g’rulbek Rayni, Chag’ribek Marvni o’zlariga poytaxt qilganlar. Keyinchalik To’g’rulbek poytaxtni Raydan Isfahonga ko’chirgan (1050). Forslardan bo’lgan vaziri Abdulmalik Kunduriy (1064 yil qatl etilgan) yordamida ulkan Saljuqiylar saltanatini boshqargan. Manba:Sayar addin Ali alxusayn i, Axbor addaulat asseldjukiyya (Zubdat attavorix), M., 1980; Abulfazl Bayxaki, Istoriya Mas’uda (1030-1041), M., 1969. Ad.: Agadjanov S. G., Ocherki istorii oguzov i turkmen Sredney Azii IX — XIII vv., Ashxabad, 1969. Qahramon Rajabov.