Tojikiston qo’y zoti
Tojikiston qo’y zoti – yarim dag’al jun beradigan dumbali qo’y zoti. 1947-64 y.lar davomida Tojikiston qishloq xo’jaligi i.t. intining Daganakiyik eksperimental xo’jaligida akad. G’.A.Aliev rahbarligida va qator chorvadorlar ishtirokida hisori sovliklarini saraji qo’chqorlari bilan chatishtirish va olingan sarajihisori duragayi qo’chqorlari bilan linkolnhisori duragayi sovliklarini chatishtirib chiqarilgan. Hisori qo’yiga xos yiriklik, mustahkam Konstitusiya, erta etiluvchanlik, yuqori go’shtdorlikyog’dorlik kabi qimmatli xo’jalik belgilarini saqlab qolish bilan birgalikda, qo’ylarda jun mahsulotini oshirish va sifatini yaxshilash kabi qo’shimcha ko’rsatkichlar ham o’z ifodasini toptan. Qo’chqorlarining tirik vazni 90-100 (ba’zan 140), sovliqlari 70-75 kg. Qo’chqorlaridan 3,5—4,0, sovliklaridan 2,5—2,7 kg jun olinadi. Juni kokilsimon tuzilishga ega, sal to’lqinsimon, yaltiroq, pishiqligi, qayishqoqligi va elastikligi bilan ajralib turadi. Kokillarining uzunligi qo’chqorlarida 18— 21, sovliqlarida 15-16 sm. 65— 72% toza jun chiqadi. Serpushtligi 100 ona qo’ydan 100-110 qo’zi olinadi. Bu zot qo’ylari, asosan, Tojikistonda va qisman O’zbekistonda ko’paytirib boqiladi. O’zbekistonda mazkur zotdan dag’al junli dumbali jaydari qo’y zotlarini yaxshilash uchun foydalaniladi. Ad.: Vorobev P.A., i dr., Ovtsevodstvo, kozovodstvo i texnologiya proizvodstva shersti i myasa, M., 1989; Vasilev N.A. i dr., Ovtsevodstvo i texnologiya proizvodstva shersti i baranini, M., 1990. Abdusattor Amirov.