To’laganov G’ani Olimovich
To’laganov G’ani Olimovich (1935.29.5,Toshkent) —dirijyor,sozanda. O’zbekistonda (1984), Qoraqalpog’istonda (1987) xizmat ko’rsatgan san’at arbobi. Toshkent konservatoriyasini Qashqar rubobi ijrochiligi (1959) va operasimfonik dirijyorligi (1964) ixtisosliklari bo’yicha tugatgan. “Shodlik” ansamblida sozanda (1951-59), O’zbekiston konservatoriyasida o’qituvchi (1959 y.dan), prof. (1999 y.dan). Samarkand opera va balet teatrida bosh dirijyor va badiiy rahbar (1964-70). Navoiy teatrida dirijyor (1976-92), O’zbek davlat filarmoniyasi direktori va badiiy rahbari (1979-84), O’zbekiston konservatoriyasi qoshidagi musiqali teatr studiyasi direktori (1996-2003). Dirijyor sifatida bir necha opera va balet spektakllarini, birinchi bo’lib o’zbek kompozitorlari asarlarini (S. Boboevning “Yoriltosh” va “Fidoiylar”, u. Musaevning “Mangulik”, N. Zokirovning “Raqiblar”, Ham. Rahimovning “Zafar”, Ik. Akbarovning “Sug’d elining qoploni”, M. Burhonovning “Alisher Navoiy” operalari, u. Musaevning “afsonalar vodiysi” baleti) sahnalashtirgan.