Tolmozor adiri

Tolmozor adiri — Farg’ona botig’ining Jan. qismidagi adir (Farg’ona viloyati hududida). Shim.da Aravon — Shahrixon daryolari yoyilma konuslari, Jan.da Yormozor adirorti botig’i bilan chegaralangan. G’arbda Qopchig’ay, Sharqda Polvontosh adirlari bilan tutashib ketadi. Eng baland joyi 712 m. Shim. yon bag’ri uzun va qiyaroq, Jan. yon bag’ri qisqa, tikroq. Yon bag’irlari ko’plab quruq soylar va jarliklar bilan kesilgan. Tektonik jihatdan braxiantiklinal struktura. Paleogen, neogen va to’rtlamchi davr konglomerat, gil, qumtosh, mergel, shag’al toshlaridan tashkil topgan. Ular ba’zi joylarda lyoss jinslari bilan krplangan. Adir yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilgan. Iklimi kontinental, yozi issiq. Yillik yog’in 200-300 mm. Tuprog’i bo’z tuproq. Rang, qo’ng’irbosh, shaytonkovush va b. o’simliklar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan kalamush, qo’shoyoq, bo’rsiq, jayra, tulki, ilonlar, kaltakesaklar va b. uchraydi. Adir hududi yaylov sifatida foydalaniladi.