TO’QIMACHILIK SANOATI
TO’QIMACHILIK SANOATI — turli xildagi o’simlik tolalari, jun va sun’iy sintetik tolalardan turli gazlamalar, ip va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yengil sanoat tarmog’i. To’qimachilik sanoati tarkibiga to’qimachilik xom ashyosini dastlabki qayta ishlash, ip gazlama, zig’ir, kanop, jut tolasidan gazlama, shoyi, jun gazlama, noto’qima materiallar, to’r to’qish, to’qimachilikattorlik, trikotaj, kigiznamat bosish sohalari kiradi. To’qimachilik sanoati mahsulotlari kiyimbosh va poyabzal ishlab chiqarishda, shuningdek, mebel, mashinasozlik sanoati va boshqalarda ishlatiladi. O’zbekistonda To’qimachilik sanoati yengil sanoatning yetakchi tarmog’ini tashkil etadi. To’qimachilik buyumlari ishlab chiqarish qadim zamonlarda paydo bo’lgan. G’o’za ekish, qo’lda ip tayyorlash va gazlama to’qish Hindiston, Xitoy, Misr va O’rta Osiyoda mil.dan bir necha asr ilgari ma’lum bo’lgan. To’qimachilik sanoati mashinalashgan ishlab chiqarishga birinchi bo’lib o’tgan sanoat tarmog’idir. Yevropada 18-asrning 2-yarmidagi sanoat to’ntarishi shu tarmoqdan boshlangan. O’zbekistonda To’qimachilik sanoati uzoq tarixga ega. O’rta asrlarda mahalliy hunarmandlar tayyorlagan atlas, beqasam, baxmal, banoras, zandanachi, olacha kabi mahsulotlar uzoq mamlakatlarda mashhur bo’lgan, Buyuk ipak yo’li orqali Yevropa va yaqin Sharq mamlakatlariga chiqarilgan. Lekin mayda tarqoq hunarmandchilikni birlashtirib sanoat asosini yaratish va gazlamalar ishlab chiqarish esa faqat 20-asrning 20-yillaridan boshlandi. 1926 yilda Farg’ona to’qimachilik fabrikasining 1-navbati ishga tushirildi (10000 urchuq va 300 to’quv dastgohi), 1932 yilga kelib uning 2 va 3-navbatlari ham qurildi (19900 urchuq, 906 to’quv dastgohi). 1930 yilda Samarqand shoyi to’qish fkasi ishlay boshladi. 1932 yildan Toshkent to’qimachilik kombinatini qurish boshlandi. 1935 yil bu kombinat gazlama ishlab chiqara boshladi (33630 urchuq, 1152 dastgoh). To’qimachilik sanoati mashinalari, dastgohdari bazasini yaratishda 40-yillarda qurilgan “Toshtekstilmash” zavodining hissasi katta bo’ldi. Urushgacha bo’lgan yillarda Qo’qon ip yigiruvpaypoq to’quv kombinati, Farg’ona, Toshkent trikotaj buyumlari fabrikalari, Marg’ilon shoyi kombinati, Samarqand yangi trikotaj fabrikasi barpo etildi. Urush yillarida (1941— 45) Toshkentga Rostov Don shahridan trikotaj, Leningraddan ip, Marg’ilonga Ijevskdan shoyi to’qish, Farg’onaga yigiruv-to’quv fabrikasi ko’chirib keltirildi. Natijada O’zbekistonda To’qimachilik sanoati o’sish sur’atlari tezlashdi. 50-yillarda yangi korxonalarni qurish, ishlab turgan korxonalarni kengaytirish davom etdi. 60-yillar o’rtalarida Namangan kastyumbop va shtapel gazlamalar kombinati qurila boshlandi. Toshkentda “Malika” trikotaj ishlab chiqarish kombinati, Buxoro to’qimachilik kombinati (1973— 76), Namangan noto’qima materiallar ishlab chiqarish birlashmasi (1974), Pop noto’qima materiallar kombinati (1977), Andijon ip gazlama kombinatining 1-navbati (1981), Xiva gilam kombinati qurib ishga tushirildi. 80-yillarda yirik to’qimachilik korxonalarida bir qancha filiallar ochildi. Shuningdek, Paxtaobod, Chuvama, Qo’rg’ontepa, Marqamatda hamda G’ijduvon va Vobkentda fabrikalar qurilib ishga tushirildi. Filiallarda ham ishlab chiqarish texnologik tsiklining tugal bo’lishiga erishildi. 90-yillarda O’zbekiston To’qimachilik sanoati yangi sifat o’zgarishlari bosqichiga o’tdi. Respublikaning xorijiy mamlakatlar bn hamkorlik aloqalari tobora kengayib, chet ellik sheriklar bilan barpo etilgan qo’shma korxonalar soni ko’payib bordi. O’zbekiston To’qimachilik sanoatiini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlaridan biri jahon bozoriga paxta tolasini chiqarish emas, balki jahon bozorida raqobatbardosh ip gazlama ishlab chiqarishni ko’paytirishdan iborat strategiya tanlandi. Shu maqsadda AQSh, Italiya, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Koreya Respublikasi va boshqa mamlakatlar firmalari bilan ip gazlama ishlab chiqaradigan yangi qo’shma korxonalar tashkil etildi. Korxonalarni chet el ilg’or to’qimachilik texnologiyasi bilan jihozlash boshlandi. 1993-94 yillarda “Buxoroteks” aktsiyadorlik jamiyatiga Shveytsariya, Germaniya uskunalari o’rnatildi. 1994 yilda Turkiyaning “Yazeks” korporatsiyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog’iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida to’liq texnologik tsiklli to’qimachilik majmui ishga tushirildi. 1995 — 2003 yillarda O’zbekiston To’qimachilik sanoatiga kiritilgan xorij sarmoyalari 519,89 milliondan ortiqroq AQSh dollarini tashkil etdi, shu jumladan, Janubiy Koreyaning “Kabul Tekstaylz” kompaniyasi kiritgan investitsiya 186 million, Turkiyaning “TIMI”, “Tipash” kompaniyasi 75 million (Namangandagi “Kosonsoy— Tikmen” kostyumbop va paltobop gazlamalar, jun choyshab va qo’lda to’qiladigan gilamlar uchun yigirilgan ip), “Bursel” firmasi 52,9 million (Chinoz to’qimachilik kombinati), “Astop” firmasi 40,3 million (“Asnamtekstil”), Yaponiyaning “Marubeni” firmasi 60 million (“Silk Road”, Namangan) AQSh dollaridan iborat bo’ldi. O’zbekiston To’qimachilik sanoatida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi tobora o’sib bormoqda. O’zbekiston To’qimachilik sanoatida 2003 yilda 453,3 million m2 gazlama, shu jumladan, 415,2 million m2 ip gazlama, 167 million juft paypoq, 28,6 million dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi. Chet mamlakatlarda To’qimachilik sanoati Hindiston, Xitoy, AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Italiya, GFR, Misrda ayniqsa taraqqiy etgan. Rivojlangan mamlakatlar To’qimachilik sanoatida birinchi o’rinni paxta tolasidan ip gazlama ishlab chiqarish egallaydi, jun va shoyi gazlamalar ishlab chiqarish keyingi o’rinlarda turadi. Ad.: Olimboyev E., Davirov Sh., O’zbekiston to’qimachilik sanoati mahsulotlari va ularni ishlab chiqarish texnologiyasi, T., 2002. Erkin Olimboyev.