TO’QQAL’A

TO’QQAL’A — arxeologik yodgorliklar majmuasi (miloddan avvalgi 4-asr — milodiy 13- asr). Nukus shahridan 14 kilometr shimoli g’arbda, kichik tabiiy to’qtov tepaligida joylashgan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston filiali tarix, til va adabiyot intoning To’qqal’a arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan o’rganilgan (1958— 65). Yodgorlik antik, ilk o’rta asr shahar xarobasi qoldiqlari va qabristondan tashkil topgan. To’qqal’aning qadimgi qismida qal’a qoldiqlari, Burjlar, xonalar (eni 3 metr, uzunligi 5,5 metr), yo’laklar chiqqan. Sopol buyumlariga ko’ra, To’qqal’aning bu qismi miloddan avvalgi 4-2-asrlarga oid. U antik Xorazmning shimoliy g’arbiy hududlaridagi davlat chegara istehkomi bo’lgan. Qal’a harbiy harakatlar paytida vayron etilgan. Bir oz tanaffusdan so’ng To’qqal’ada hayot qayta jonlangan, turar joylar vujudga kelgan. Shimoliy g’arbiy devor o’rtasidagi xonalar ostidan sopol quvurlar topilgan. To’qqal’adan, shuningdek, 7 —8-asrlarga oid sopol idishlar, temirdan yasalgan mehnat qurollari, mis tangalar (aksariyati Kardor hukmdori Xusravga taalluqli, shuningdek, Xorazmshohlar va Sug’d tangalari) chiqqan. Ular Kardor madaniyatining so’nggi bosqichiga oid. Qabriston To’qtov tepaligining Sharqiy va shimol yonbag’irlarida joylashgan. Undan ko’plab ossuariylar topilib, uning devorlarida Xorazmiy yozuvida bitilgan qabr yozuvlari (epitafiya), turli diniy ramzlar saqlangan (milodiy 7-asr oxiri — 8-asr). Ossuariylar ustida o’rta asr (8-asr 2 yarmi — 14-asr) qabristoni joylashgan. Shixnazar Matrasulov.