TO’R
TO’R — 1) tabiiy yoki sun’iy tolalardan katak-katak ko’zli yoki bejamdor qilib to’qiladigan gazmol; tyul. Maxsus to’quv mashinalarida 2 tizim ipdan to’qiladigan silliq To’r va gulli To’r turi mavjud. To’r ayollar ko’ylagi, ichki kiyimlar, choyshab va boshqalarga uqa uchun, deraza pardalari shaklida ishlab chiqariladi; ayollar (ayniqsa, kelinchaklar) yuziga tutadigan (ko’pincha To’rdan tayyorlanadi) kiyim bo’lagi ham To’r deb ataladi hamda turli mintaqalarda o’ziga xos tarzda kashtalar tikib turlicha bezatiladi. Keng ma’noda — har qanday material (tola, sim va boshqalar) dan katak-katak ko’zli yoki bejamdor qilib tayyorlangan narsa, buyum. Masalan, sim to’r, chachvon va boshqalar; 2) baliq tutiladigan yoki qush ovlanadigan mayda katak ko’zli buyum; matrap. Pishiq tolalardan to’qiladi; 3) geodeziyada — joylarda yirik masshtabli (1:2000, 1:5000 va boshqalar) s’yomkalarni bajarish va muhandislik geologiya ishlarini zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash uchun tuziladigan chizma. Davlat geodezik tarmog’i punktlari asosida triangulyasiya va trilaterasiya usullarida tuziladi. Geografik informatsion sistema (GIS) da qududlarning To’rlari tuziladi. To’rlar kompyuterda dasturlash uchun qulaylik tug’diradi.