To’raqo’rg’on tumani

To’raqo’rg’on tumani – Namangan viloyatidagi tuman. Viloyatning g’arbida joylashgan. 1936 yil 17 Fevralda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Namangan tumani bilan birlashtirilgan. 1970 yil 7 dekabrda qayta tuzildi. Sharqdan Namangan tumani va qisman Namangan shahri, Janubdan Mingbuloq, g’arbdan Chust, shimoldan Kosonsoy tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,33 ming km2. Aholisi 170 ming kishi (2004). To’raqo’rg’on tumanida 1 shahar (To’raqo’rg’on), 1 shaharcha (Oktosh), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Axsi, Buramatut, Yortepa, Qatag’onsaroy, Sayram, Xolmatov, Xo’jand, Shahand) bor. Markazi — To’raqo’rg’on shahri. Tabiati. Tumanning shimoliy Sharqiy va Janub qismi tekislik, g’arbiy qismi esa tog’ etaklari va Ertikan, Bog’ibaland, Kengko’lsoy, nahor va Rezaksoy adirlaridan iborat. Tuproqlari bo’z va shag’al tuproqlar. Iqlimi keskin kontinental, yanv oyining o’rtacha temperaturasi -2°, -3°, eng past temperatura -29°. Iyul oyining o’rtacha temperaturasi 26,3°, eng yuqori temperatura 42°. Yillik yog’in 188 mm. Vegetatsiya davri 229 kun. Tuman hududining Janub qismidan Sirdaryo, shimoldan Kosonsoy, g’arbiy qismidan Sumsarsoy soylari oqadi. Tuman hududidan shimoliy Farg’ona, mosh kanallari, shimol qismidan katta Namangan kanali o’tgan. Yovvoyi o’simliklardan adirlarda rang, qo’ng’irbosh, shaytonkavush, oqquray, oqshuvoq, mingbosh; pashmak, baliqko’z, seta, pashmaksho’ra, yulg’un, Sirdaryo sohillarida yantoq, qamish va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan kalamush, qo’shoyoq, ko’rsichqon, bo’rsiq, bo’ri, tulki, jayra; ilon va kaltakesaklar, qushlardan chumchuq, chug’urchiq, so’fito’rg’ay, popishak, bedana, bulbul, soch, qarg’a, g’oz, loyxo’rak, qirg’ovullar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, qirg’iz, tojik, rus, tatar, uyg’ur, ukrain, yahudiy va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 515,1 kishi (2004). Xo’jaligi. To’raqo’rg’on tumanida yirik sanoat va qurilish tashkilotlaridan “Ohangarііі”, qishloq xo’jalik mashinasozligi, g’isht zavodi, qishloq qurilish kombinati, “Koopagrofirma”, paxta tozalash zavodi, “Qishloqxo’jalik kimyo”, “To’raqo’rg’on-Dehqonmashta’minot”, To’raqo’rg’on MTP korxonalari, shirinlik” O’zbekiston—Gollandiya, “Axsikent” O’zbekiston—Turkiya qo’shma korxonalari, qishloq qurilish konstruktsiyalari kombinati, “Shams” gugurt fabrikasi, noruda materiallar kareri, Oqtosh avtomobil yo’lidan foydalanish boshqarmasi mavjud. Tumanda 147 ta davlat korxonasi, 21 ta aktsiyadorlik jamiyati, 421 ta xususiy korxona, 5 qo’shma korxona, 259 fermer, 221 dehqon xo’jaligi va boshqalar mavjud (2003). Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik, g’allachilik, pillachilik va bog’dorchilik. Tumanda 10 paxtachilik, 2 bog’dorchilik va tokchilik shirkat xo’jaliklari bor. 6450 gektar yerga paxta, 5076 gektar yerga don, 1317 gektar yerga yem-xashak ekinlari ekiladi. 1609 gektar yer bog’ va tokzorlar bilan band (2003). Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 30,3 ming qoramol, 34,6 ming qo’y va echki, 52,6 ming parranda va 331 yilqi boqiladi (2003). To’raqo’rg’on tumani orqali Toshkent — Namangan — Andijon poyezdi o’tadi. Tumandagi 59 umumiy ta’lim maktabida 43 ming o’quvchi ta’lim oladi. To’raqo’rg’on qishloq xo’jalik kasb-hunar kolleji (1100 o’quvchi), kasb-hunar litseyi (500 o’quvchi), Shahand qishloq xo’jalik kasb-hunar kolleji (400 o’quvchi), Xo’jand sanoat-transport kasb-hunar kolleji (400 o’quvchi), “Kamalak” bolalar istirohat bog’i, 56 kutubxona, ibrat adabiyot muzeyi, shonshuhrat va Ustoz-murabbiylar muzeylari, madaniyat saroyi faoliyat ko’rsatadi (2003). Sport, kurash maktablari, 2 stadion, 30 sport zali, 69 futbol maydoni, 36 qo’l to’pi maydoni, 7 tennis korti, 18 gimnastika maydoni, 24 mini futbol, 25 basketbol maydoni, 2 suzish havzasi mavjud. Tumandagi 28 tibbiyot muassasasida 281 vrach (har 10 ming aholiga 17 vrach), 1281 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. “Shahand” sanatoriysi faoliyat ko’rsatadi. Me’moriy yodgorliklardan To’raqo’rg’on tumanida G’oyibnazarqozi madrasasi (1892), Falosbonbuva (1860), Langarbibi maqbaralari (18 asr), sirli (1895), Baland (1895), Omonboybuva (1890), Bozorboshi (1860), Mirza Hamdam (1883), Isoqxonto’ra (1806) masjidlari; qadimgi Axsikat shahrining xarobalari bor. 1971 yil 1 sentabrdan tuman “davr” gazetasi nashr etiladi (adadi 5000).