Tormoz
Tormoz (Yun. tormos — g’ildirakni aylantirmay qo’yadigan mix tiqiladigan teshik) — mashina yoki mexanizmning harakat tezligini pasaytirish yoki butunlay to’xtatish uchun, ko’tarishtashish mashinalarida esa yukni osilgan holatda tutib turish uchun mo’ljallangan qurilma. Ishlash usuli bo’yicha mexanik (friktsion, ishqalanma), gidravlik (suyuklikli) va elektr (elektromagnit, induktsion va b.); tuzilishiga ko’ra, kolodkali, tasmali (lentali), disksimon, konussimon va b. turlarga bo’linadi. Mashinalar va mexanizmlar (ko’tarishtashish mashinalari, stanoklarning mexanizmlari, t.y. vagonlari)da tashqi kolodkali, avtomobillarda ichki kolodkali T. lar, qo’l T.lari ishlatiladi. Bunday T. larda kolodkadan tashqari baraban, sharnir, tortish prujinalari (richag tizimlari) bo’ladi. Tasmali T.da kolod-kalar o’rniga barabanni kamrab turuvchi tasma (lenta) ishlatiladi. Bunday T. lar ko’tarishtashish mashinalarining ko’tarish, surish va burish mexanizmlarida qo’llanadi. Diskli T.larda mexanizm Vali bilan birga aylanuvchi disklarning boshqa qo’zg’almas diskka qisilishi tufayli tormozlanish yuz beradi. Bunday T. lar transport mashinalarining turli mexanizmlarida, metall kesish stanoklarida ishlatiladi. Og’ir transport mashinalari, mas., yuk avtomobillarida diskkolodkali T. lar ishlatiladi. Bunda tormozlanish disk yon sirtining friktsion kolodkalar bilan ishqalanishi xisobiga yuz beradi. Ko’tarish mashinalari, konverterlar, sinov qurilmalari va b.da tezlik (tezlikni cheklash) T.lari ishlatiladi. Bunday T.larning markazdan qochma, dinamik (gidravlik), uyurma (induktsion) va b. turlari bo’ladi. T.larni boshqarish uchun mexanik, gidravlik, pnevmatik, elektrgidravlik, elektrmexanik va b. yuritmalardan foydalaniladi. Mas., engil avtomobillar va ko’tarish kranlarida gidravlik boshqarish tizimi, yuk avtomobillari, avtobuslar, tramvaylar, t.y. poezdlarida, samolyotlarning shassisida pnevmatik tizim qo’llanadi. T. ning elektr yuritmasida maxsus doimiy yoki o’zgaruvchan tok elektromagnitlaridan foydalaniladi. Bular elektr transport (elektrovozlar, tramvay, trolleybus va b.)da qo’llanadi. Aviasiya va kosmonavtakada aerodinamik tormozlash usuli (tormoz parashyutlari, samolyot qanotidagi mexanizasiya elementlari yordamida), mashina dvigatelining ish rejimini tormozlash usuli (mas., avtomobildagi sekinlashtiruvchi tormoz yordamida) ham qo’llanadi.