Toshkent halqa avtomobil yo’li

Toshkent halqa avtomobil yo’li — umumdavlat ahamiyatidagi yo’l. Katta va kichik halqa yo’llardan iborat. Katta halqa avtomobil yo’lini loyihalashtirish va qurilish ishlari 1959-68 y.larda bir necha bosqichlarda qismlarga bo’linib amalga oshirilgan. Umumiy uz. 67 km, qattiq to’shamali (48 km tsementbeton, 19 km asfaltbeton), Іtoifali. Tranzit yuklarning Toshkent sh.ni chetlab o’tishini ta’minlash, shahar ichidagi transport qatnovi xavfsizligi va ekologiyani yaxshilash maqsadlariga xizmat qiladi. Bu yo’l xalqaro ahamiyatli 3 ta (M34; M39; A373), 7 ta umumdavlat, 10 ta mahalliy yo’llar va ko’plab shahar kuchalari tutashadigan, umumiy uz. 3372 m bo’lgan 22 ta ko’prik va yo’l o’tkazgichlar, jami uz. 6125 m bo’lgan 160 ta quvur va b. me’moriy inshootlar barpo etilgan murakkab muhandislik inshootidir. Yil davomidagi o’rtacha kunlik transport harakati jadalligi 38500 avtomobilg’kunni tashkil etadi (2004). Kichik halqa avtomobil yo’li Toshkent sh.ning hududiy kengayishi, transport vositalari sonining ko’payib borishi va shahar ko’chalaridagi transport harakatini oqilona tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida O’zR Prezidenti I. A. Karimov tashabbusi bilan qurila boshlandi. Mazkur yo’l Toshkent sh. hokimligining 2001 y. 2 iyundagi qarori va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 y. 14 noyabrdagi farmoyishi asosida barpo etildi. Toshkent sh. hududidagi bir qancha ko’chalarni birlashtiradi; qattiq asfaltbeton to’shamali, uz. 32,2 km, o’rtadagi ajratish tasmasining kengligi 1-2 m. Qatnov qismlari 8 tasmali bo’lib, kengligi 32,0 m. Kunlik transport qatnovi jadalligi 35000-45000 avtomobilg’kun. Tohirjon Mirzaev.