TO’SUNSOY RASMLARI

TO’SUNSOY RASMLARI – Nurota tog’tizmasining Janubiy yon bag’ridagi qoyatoshlarga ishlangan tasvirlar, san’at obidasi. Samarqand viloyati Qo’shrabot tumani hududida. 1977 yilda arxeolog O. Rostovtsev, T. Omonjulov, G. Vafoyev, I. Ivaniskiylar tomonidan topilgan. 1986 yilda arxeolog M. Xo’janazarov tomonidan o’rganilgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxiri — 1-ming yillikka mansub, keyingi davrlarda yaratilgan rasmlar ham uchraydi. Rasmlar qattiq buyum bilan soya, shakl ko’rinishi, oddiy chiziklar uslubida urib-o’yib ishlangan. Yakka holda alohida ishlangan odamlar, ot, it, echki, tuya, kiyik, to’ng’iz, bo’ri, qoplon va boshqalarning rasmlari ko’pchilikni tashkil qiladi; ov manzaralari, ot va tuya mingan chavandozlar tasvirlari ham uchraydi; ko’p lavha va tasvirlar romb shaklidagi belgi bn birga ishlangan. Ayrim qadimgi rasmlar usti keyingi davrlarda yaratilgan birmuncha yangi shakllar bilan qoplangan. To’sunsoy rasmlari tasviriy san’at asari, arxeologik obida va tarixiy manba sifatida katta ahamiyatga ega.