Transformasiya

Transformasiya (lot. transformatio — qayta o’zgarish, qayta hosil bo’lish) (genetikada) — hujayraga yot DNK kirishi natijasida uning irsiy xususiyatlari o’zgarishi; prokariotlarda genetik material almashinish usullaridan biri. Birinchi marta ingliz olimi F. Griffit (1928) pnevmokokklarda kashf etgan. F. Griffit patogen pnevmokokklarni qizdirib o’ldirganda ular sichqonlarni zararlamasligini, lekin bakteriyalarni patogenlik xususiyatiga ega bo’lmagan tirik bakteriyalar bilan birga sichqonlarga yuborilganda nopatogen bakteriyalar patogenlik xususiyatiga ega bo’lishini aniqlagan. AQSh olimi o. Eyveri va uning xodimlari (1944) nopatogen bakteriyalar patogen bo’lib qolishi (transformasiyalanishi)ning sababi patogen bakteriya shtammidan ajralgan DNK bilan bog’liq ekanligini aniqladi. T. keyinchalik har xil turkum va turlarga mansub bakteriyalar — streptokokk, gemofill bakteriyalar, pichan tayoqchasi va b.da aniqlangan. T. hodisasi kompetentlik xususiyatiga ega bo’lgan ayrim hujayralar bilan bog’liq (hujayraning yot DNK ni bog’lash xususiyati maxsus oqsil molekulasi sintezlanishi bilan tushuntiriladi). Transformasiyalaydigan DNKning mol. massasi 300000 dan kam bo’lmasligi, 2 spiralli va kimyoviy toza bo’lishi lozim. Hujayraga donor DNK sining bir bo’lagi o’tib, hujayra xromosomasi bilan rekombinasiyalanadi va uning xossasini o’zgartiradi. T. dan bakteriyalarni genetik analiz qilishda va genetik injeneriya sohasidagi tajribalarda foydalaniladi. T. jarayonining kashf etilishi va o’rganilishi natijasida Dnkirsiyatning moddiy asosi ekanligi aniqlandi. T. dan eukariot hujayralarga yot DNK ni kiritishda ham foydalaniladi (yana q. Genetik injeneriya). Ad.: Prozorov A. A., Geneticheskaya transformasiya i transfektsiya, M., 1980; To’raqulov Yo. X. va b., Umumiy biologiya, T., 1999.