Trixogramma
Trixogramma (Trichogramma) — pardaqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar urug’i; ekinlar va o’rmonzorlarga zarar keltiruvchi xavfli zararkunanda hasharotlar tuxumlari kushandasi. Butun dunyo faunasida T. lar avlodiga kiruvchi 143 tur mavjud. O’zbekistonda esa T.larning 15 turi topilgan, 6 tasining bioekologiyasi chukur o’rganilgan. Q.x.da ekinlar zararkunandasi bo’lgan tunlam kapalaklarning tuxumlarini yo’qotishda asosiy biologik vosita sifatida ishlatiladi. Tanasining uz. 0,3—0,9 mm. T.ning qisqa qanotli va qanotsiz turlari mavjud. Mo’ylovi 5-9 bo’g’imli, qanotlari keng hoshiyali, oldingi qanotlari qisqa shokilali. Orqa juft kdnotlari ingichka. Urg’ochisining mo’ylovi qisqa, bir halqali, xivchini ikki bo’g’imli. Erkaklari ko’pincha qanotsiz yoki qanoti soddalashgan. T. polifag bo’lib, 200 ga yaqin turdagi hasharot tuxumini zararlaydi. Asosiy va bosh xo’jayinga ega. Faqat lichinkasi tekinxo’rlik (parazitlik) qiladi. Etuk hasharotlar gul shirasi va shudring bilan oziklanadi. Urg’ochi T. xo’jayin organizmning yangi qo’yilgan tuxumi ichiga o’z tuxumini qo’yadi. Tuxumdan chiqqan T. lichinkasi xo’jayin tuxumi ichidagi moddalar bilan oziqlanib rivojlanadi. Oziqlanib bo’lgan T. lichinkasi shu erda g’umbakka aylanadi. G’umbakdan shakllangan etuk individ tuxum po’stini teshib tashqariga chiqadi; endigina uchib chiqqan jinsiy etuk urgochi hasharot darhol erkak T. bilan juftlashib, tuxum qo’ya boshlaydi. T. ning rivojlanish davri havo harorati 25-30° va namligi 30-70% bo’lganida 7-35 kun davom etadi. Etuk hasharotlar 3-18 kun yashaydi. Shu davr mobaynida bir urg’ochi hasharot 25-92 dona tuxum qo’yishi mumkin. Tabiatda T. turlari O’zbekistonning barcha madaniy dehqonchilik zonalarida va, shuningdek, tog’lardagi yovvoyi o’simliklarda, cho’l, chala cho’llarda ham uchraydi. Tabiiy sharoitda 14-15 avlod beradi. T.dan hasharotlarga (tunlamlar, parvonalar, odimchilar va b.) qarshi kurashda foydalaniladi. Maxsus biolaboratoriyalarda ko’proq pintoi Voegele turi tunlam tuxumlarini yo’qotish uchun ko’paytiriladi (q. Biofabrika). Dalalardagi kemiruvchi tunlamlarga qarshi uch marta har gektariga 200 ming donadan etuk T. tarqatish tavsiya etiladi. Mas., g’o’za tunlamining har bir avlodiga karshi gektariga 60Q80Q60 ming dona etuk T. hisobida (tuxum qo’yish boshlanishida va 4-5 kun oralatib yana 2 marta) tarkatish yaxshi samara beradi. T. ni zararkunanda hasharotning tuxum qo’yishi boshlangan davrda ertalab yoki kechki salqin paytda tarqatish maqsadga muvofiq; bir tekisda tarqalishi uchun bir gektar maydonning 100 ta nuqtasiga, ya’ni har 10 m da qo’yiladi. Tursunoy Otamirzaeva.