TSELOM
TSELOM (Yunoncha koiloma — chuqurlik, bo’shliq) — ikkilamchi tana bo’shlig’i, ko’p hujayrali hayvonlar (halqali chuvalchanglar, mollyuskalar, ignaterililar, pogonoforalar, xordalilar va boshqalar)da tana devori bilan ichki organlar oralig’idagi bo’shliq. Tselom mezodermadan hosil bo’lgan epiteliy devor bilan chegaralangan; tselomik suyuqlik bilan to’lib turadi, tashqi muhitga maxsus naychalar — tselomoduktlar orqali ochiladi. Tselom tana devori, muskullari uchun tayanch (gidrostatik skelet); organizm ichki muhitining biokimyoviy turg’unligini ta’minlaydi. Bundan tashqari, bir qancha ikkinchi darajali: oziqlantirish, ayirish, nafas olish, jinsiy va boshqa funktsiyalarni bajaradi. Tselomga ega bo’lgan hayvonlar ikkilamchi tana bo’shliqli, ya’ni tselomik hayvonlar deyiladi.