TSEMENT SANOATI

TSEMENT SANOATI – qurilish materiallari sanoatining eng yirik tarmog’i. Portlandtsement, pussolan portlandtsementi, toshqol Portlandtsementi, shifer, asbosement quvurlar, ganch, gil va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. Tsement dastlab 1824 yilda Angliyaning Janubdagi Portlend shahri yaqinida (“portlandtsement” nomi shundan) ingliz ixtirochisi J.ASP-din tomonidan ma’lum nisbatlarda qo’shilgan ohak va tuproq aralashmasini kuydirib olingan. 19-asrning 30-yillaridan boshlab Bukj Britaniya, AQSh, Rossiya, Germaniyada tsement z-dlari qurila boshladi. 19-asrning 70-yillariga kelib tsement jahon qurilish texnikasi rivojlanishining asosiy yo’nalishini belgilab, yigma temir-betonning kashf etilishiga olib keldi. 20-asr davomida jahonning rivojlangan mamlakatlarida Tsement sanoati yuqori sur’atlarda o’sdi va tsement ishlab chiqarishning umumiy hajmi 1500 million tonnani tashkil etdi (1998). O’rta Osiyoda birinchi bo’lgan Xilkovo (hozirgi Bekobod) tsement zavodi 1913 yildan qurila boshlagan. 1926 yilda korxona qayta ishga tushirildi. 1932 yilda Quvasoy tsement zavodida turli markadagi tsementlar ishlab chiqarila boshladi. 50-yillardan bu korxonalar kengaytirilib, kombinatlarga aylantirildi, ularda tsementdan tashqari shifer, ohak, asbosement quvurlarni ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Xalq xo’jaligining tsementga nisbatan ortib borayotgan ehtiyojini qondirish maqsadlarida 1962 yilda yillik quvvati 1,7 million tonna bo’lgan Ohangaron tsement kombinati, 1976 yilda yillik loyiha quvvati 3,4 million tonna bo’lgan Navoiy tsement kombinatining 1-navbati (yillik quvvati 1150 ming tonna) ishga tushirildi. 70-yillar o’rtalariga kelib Tsement sanoatida 3536 ming tonna turli markadagi tsement ishlab chiqarildi. 90-yillar o’rtalaridan tarmoq korxonalari aktsiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi, rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi, chet el texnologiyalari bilan jihozlandi. “Ohangaron-tsement” aktsiyadorlik jamiyati huzurida “Ohangaron rangli tsement” O’zbekiston—Britaniya qo’shma korxonasi tashkil etildi (1995). “Qizilqumtsement” aktsiyadorlik jamiyati (sobiq Navoiy tsement zavodi)da ishlab chiqarish quvvatlarini to’liq ishga solish tadbirlari amalga oshirildi. O’zbekistan Tsement sanoatida gidrotexnika va yer osti inshootlari qurishda yuqori namlik va muzlash sharoitlarida ishlatiladigan, sulfat kislotaga chidamli M400 va M500 markali portlandtsement, avtomobil yo’llari va aeroportlar qurilishida ishlatiladigan portlandtsement, neft va gaz quduqlarini burg’ulashda ishlatiladigan tamponaj tsementi, shuningdek, pussolan tsementi, ohak va maydalangan ohak, shifer, qurilish ganchi, mineral paxta va boshqalar ishlab chiqariladi. 2003 yilda O’zbekiston Tsement sanoati korxonalarida 4062,5 ming tonna tsement, 313,7 million dona shartli shifer taxtalari ishlab chiqarildi (2002 yilda tegishlicha 3926,7 ming tonna tsement; 298,8 million dona shartli shifer taxtalari). Respublika Tsement sanoati korxonalari mahsulotlari chet ellarga eksport qilinadi. Xorijiy mamlakatlardan AQSh, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Frantsiya tsement ishlab chiqarish bo’yicha jahonda yetakchi o’rinlarni egallaydi. Nuriddin Musayev.