TSESE PASHSHASI

TSESE PASHSHASI (Glossina) – kalta mo’ylovli ikki qanotli hasharotlar urug’i. Uzunligi 9-14 millimetr. Jag’paypaslagichlari uzun va keng, sanchib so’ruvchi xartumi uzun. 20 ga yaqin turi tropik va subtropik Afrikaning nam o’rmonlarida tarqalgan. Tirik tug’adi. Tug’ilgan qurtlari darrov g’umbakka aylanadi. Bir qancha turlari og’ir kasallik qo’zg’atuvchi tripanosomalarni yuqtiradi. Tsese pashshasining 3 turi og’ir uyqu kasalligi tripanosomasini (kasallikdan har yili minglab kishilar halok bo’ladi), boshqa ikki turi uy hayvonlarida kasallik tug’diradigan tripanosomalarni yuqtiradi. Tsese pashshasiga qarshi har xil pestisidlar yordamida olib borilgan kurash choralari unchalik samara bermadi, lekin flora va faunaga katta ziyon yetkazdi.