TSIOLKOVSKIY KONSTANTIN EDUARDOVICH

TSIOLKOVSKIY KONSTANTIN EDUARDOVICH [1857.5(17).9, Ryazan viloyati — 1935.19.9, Kaluga] — aviatsiya, aerodinamika va raketalar dinamikasi sohasidagi rus olimi va ixtirochisi; bolaligida og’ir kasallikdan keyin kar bo’lib qolib, o’qishni davom ettirolmagan. 1879 yilda o’qituvchilik unvoniga imtihon topshirgan. Borovsk (Kaluga gubernyasi) dagi uezd bilim yurtida matematika va geometriyadan dars bergan (1880— 98). 1880-81 yillarda bu sohadagi mavjud ixtirolardan bexabar “gazlar nazariyasi” ilmiy ishini yozib, unda gazlar kinetik nazariyasi asoslarini tavsifladi. 1897 yilda Rossiyada birinchi aerodinamik truba qurgan. Keyinroq dunyoda birinchi bo’lib raketa nazariyasiga va suyuq yonilg’ili raketa dvigateli nazariyasiga asos solgan. Ilmiy ishlari 3 muammoga: metall aerostat (dirijabl) ni ilmiy asoslash (1885— 92), aeroplanning suyriligi (1894 yilda e’lon qilingan), sayyoralararo raketalar (1896 yildan) ga bag’ishlangan. Uchishda reaktiv harakatdan foydalanish g’oyasi birinchi marta Tsirk tomonidan 1883 yilda bayon etilgan. Tsirk 1903 yilda “reaktiv asboblar bilan fazoni tadqiq etish” asarida birinchi bo’lib raketa harakati fazoda va tortishish maydonida o’zgaruvchan massali jism harakatiga o’xshashligini, sayyoralararo aloqada raketalardan foydalanish mumkinligini asoslab berdi. 1929 yilda “kosmik raketa poezdlari” asarida bosqichli raketa harakati nazariyasini yaratdi. Yerga sun’iy Yo’ldosh bo’ladigan raketa masalasi bilan birinchi bo’lib shug’ullandi, yerdan tashqarida stansiyalar qurish fikrini ilgari surdi. Oydagi kraterga Tsiolkovskiy nomi berilgan.