TSIRKAD RITMLAR

TSIRKAD RITMLAR (lotincha circa — yaqin va dies — kun) — bir kecha-kunduzlik ritmlar; biologik jarayonlar va hodisalarning har 20-24 soatda takrorlanib turishi. 24 soatdan ko’proq vaqtdan so’ng takrorlanadigan Tsirkad ritmlar faqat eksperimental sharoitda (doimiy harorat va yorug’likda) ko’pchilik o’simlik, hayvonlar va odamda kuzatiladi. Olimlar fikricha, Tsirkad ritmlar tabiiy bo’lmagan, ya’ni doimiy sharoit ta’sirida irsiy sutkalik ritm asosida yuzaga chiqadi. Masalan, doimiy sharoit organizm uchun qulay bo’lganida hayvon odatdagiga nisbatan ertaroq harakatchan bo’lib qoladi; sharoit noqulay bo’lganida esa ilgarigi 24 soatlik ritm kechika boshlaydi. Tsirkad ritmlar organizmning hayot faoliyatiga ta’sir qilishi (masalan, hasharotlarning tuxum qo’yishi, o’simliklar bargi holatining o’zgarishi) yoki ayrim fiziologik jarayonlarga ta’sir ko’rsatishi mumkin. Doimiy sharoitda Tsirkad ritmlar organizm funktsiyalariga bir xil ta’sir etmaydi. Masalan, odamda gavda harorati, bedorlik va uyqu davrlari ritmi farq qiladi. Bu holat organizmda kasallik paydo qilishi mumkin (masalan, kosmik parvozda).