TUGANAK BAKTERIYALAR

TUGANAK BAKTERIYALAR (Rhizobium) — dukkakli o’simliklar (beda, bersim, no’xat va b.) nish ildizlarda to’planadigan va havodagi azotni o’zlashtirish xususiyatiga ega bo’lgan aerob bakteriyalar turkumi. Tuproqni azot bilan boyitadi. Yosh T.b. iddiz tukchalariga kirib, ularni azot bilan ta’minlaydi, ildiz hujayralarining jadal bo’linishiga ta’sir ko’rsatadi, o’simliklardan uglerod va mineral moddalar almashinuvi mahsulotlarini oladi. T.b. molekulyar azotni tez biriktiradigan bakteriodlar hosil qiladi, yo’g’onlashadi, tarmoqlashadi. Ildizida tuganaklari bo’lgan dukkakli o’simliklar havodan bir ga maydonda yiliga 10 kg dan ortiq azot to’playdi. Tuproqni T. b. bilan boyitishda qo’llaniladigan maxsus bakterial o’g’it — nitragin shu bakteriyalar negizida ishlab chiqariladi. Tuganaklar yaxshi hosil bo’lishi uchun madaniy o’simliklar urug’ligiga T.b. yuqtiriladi (yana q. Azot to’plovchi mikroorganizmlar).