Tuproq eroziyasi
Tuproq eroziyasi (lot. erasio emirilish, nurash) — tuproqning eng unumdor yuqori qatlamlari va tuproq osti jinslarining atmosfera yog’inlari hamda sug’orish suvlari, shamol va b. ta’sirida emirilish jarayoni. Yuz berish darajasiga ko’ra, tabiiy va jadallashgan (emiradigan) turlarga bo’linadi. Tabiiy T.e. nisbatan sekin kechib, tuproq tabiiy hosil bo’lish jarayonida qayta tiklanib turadi. Jadallashgan T.e. odamning xo’jalik faoliyati (madaniy o’simliklarni o’stirishda erdan noto’g’ri, uquvsiz foydalanish, eroziyaga qarshi tadbirchoralarga rioya qilmay erlarni o’zlashtirish, sugorish, chorva mollarni boqish, o’rmonzorlarni yo’q qilish, qurilish ishlarini olib borish va b.) natijasida yuz berib, tuproq unumdorligini sezilarli darajada pasaytirib yuboradi. T. e., asosan, relefi notekis — pastbaland, eroziya bazisi (ma’lum bir joyning m hisobida dengiz sathidan balandligi bilan suv kelib quyiladigan erning dengiz sathidan balandligi o’rtasidagi farq) katta bo’lgan erlarda boshlanadi. T.e. hosil bo’lish omillariga ko’ra, suv, shamol, sanoat, abraziya, yaylov, mexanik T.e. va turlarga bo’linadi. Suv eroziyasining boshlanishi va kuchayishi relefi tuzilishi bilan bog’liq bo’lib, odatda, er yuzasining nishabligi 1 — 1,5° dan oshganda yuz bera boshlaydi (sug’oriladigan erlarda sug’orish eroziyasi yuz beradi). Suv eroziyasi emirilish jarayonida tuproq zarrachalarining bo’laklarga bo’linish va qayta joylashish usuliga ko’ra, yuvilish eroziyasi, jilg’a va jarlanish eroziyasiga bo’linadi. Yuvilish eroziyasi tuproqqa singib ulgurmagan suvning oqimi ta’sirida vujudga kelib, tuproq qatlamining nisbatan bir tekisda yuvib ketishi bilan tavsiflanadi. Jilg’a eroziyasi jilg’a suvining oqimi ta’sirida uncha chuqur bo’lmagan o’ydimchuqurliklar hosil bo’lishi va bilan yuz beradi va buni odatdagi erga ishlov berish bilan bartaraf etish mumkin. Jarlanish eroziyasi suv eroziyasining bir turi bo’lib, suv oqimining tor o’zanda to’planib oqishi, tuproqning vertikal emirilishi va yuvilishi natijasida vujudga keladi. Suv ta’sirida erning yuzasida o’pqonlar paydo bo’ladi. Bir kdncha vaqtdan so’ng bu o’pqonlar emirilib jarliklar hosil bo’ladi. O’zbekistonning sug’orma dehqonchilik zonasida suv eroziyasi namlik bilan etarli ta’minlangan (yillik yog’insochin miqdori 350-400 mm dan yuqori) va yarim ta’minlangan (yillik yoginsochin mikdori 200-300 mm) lalmikor erlarda hamda tipik va to’q tusli sur tuproqlarda, qisman tog’oldi va tog’etagi qiyaliklarida (mas., Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida; umumiy mayd. 969,4 ming ga) tarqalgan. Shamol eroziyasi (deflyasiya) 2 xil bo’ladi: tezligi uncha katta bo’lmagan shamolning tuproq mayda zarrachalarini uchirib ketishidan kelib chiquvchi oddiy va katta tezlikdagi shamol tufayli vujudga keluvchi to’zonli bo’ron. Shamol eroziyasi sug’oriladigan erlarga katta ziyon etkazadi (Markaziy Farg’ona, Buxoro vohasi, qarshi cho’li, Qoraqalpog’istonning g’arbiy zonalarida, um. mayd. 1,8 mln.ga). Shamol eroziyasiga, relefdan qat’i nazar, asosan bir yo’nalishda esadigan kuchli shamol, tuproqning engil mexanik tarkibi va sho’rlanganligi, sug’oriladigan er maydonlarning tabiiy sharoitga nomuvofiq yirikligi hamda o’rmon daraxtzorlari mintaqasining yo’kdigi yoki qoniqarsiz axvoldaligi sabab bo’ladi. T. e.ning, shuningdek, ishlab chiqarish. va odam faoliyati bilan bog’liq bo’lgan quyidagi turlari ham uchraydi: sanoat eroziyasi — foydali qazilmalarni qazish (ayniqsa, ochiq usulda), uyjoy, ishlab chiqarish. binolari va yo’l qurish, gaz hamda neft quvurlarini o’tkazish natijasida sodir bo’ladi (q. Er rekultivasiyasi); abraziya — Daryo va boshqa suv qavzalari qirg’oqlarining emirilishi tufayli haydalma er, yaylov maydonlari qisqaradi va suv havzalarini loyqa bosadi. Yaylovlarda ortiqcha chorva boqish yaylov eroziyasiga sabab bo’ladi. Mexanik eroziya har bir zonaga xos tuproqning qayta tiklanish imkoniyati darajasini hisobga olmay turib, o’ta og’ir traktorlardan keng foydalanish natijasida yuz beradi. Mexanik eroziya ta’sirida tuprok, strukturasi buziladi, uning suvfizik xususiyatlari, shuningdek, tuproq hosil bo’lishining asosiy omillaridan bo’lgan biologik faollik yomonlashadi. Ad.: Muhamedov T., Tuproq eroziyasi dehqonchilik uchun ofat, T., 1973; Muxitdinov K., O’zbekistonda tuproq eroziyasi va unga qarshi kurash choralari, T., 1976; Mirzajonov va b., Eroziyaga uchragantuproqparda yuqori hosil olish, T., 1980. Xodimat Maxsudov.