Turkum

Turkum — mushtarak g’oyaviy niyat, umumiy mavzu, qahramon va muayyan kompozision yaxlitlikka ega bo’lgan badiiy asarlar majmui. T. asarlar adabiyotning barcha janrlarida mavjud. Mas., Balzakning “inson komediyasi” yoki Zolyaning “Rugon — Makkarlar”ini tashkil etuvchi asarlarini romanlar T.i deyish mumkin. Shuningdek, hikoyalar, ocherklar va hatto maqolalar T.lari ham bo’ladi. T., ayniqsa, she’riyatda keng tarqalgan. O’zbek she’riyatida deyarli hamma shoirlar T. asarlar yaratganlar. Mirtemirning “Qoraqalpoq daftari”, Zulfiyaning “Vodiy tuhfasi”, H. G’ulomning “Qit’alar uyg’oq”, Shuhratning “Kavkaz daftari” kabi T. asarlari mavjud. T.ni tashkil etuvchi har bir asar mustaqil badiiy qimmatga ega bo’ladi, biroq ular birlashib, hayotning biror tomoni haqida mukammal tasavvur beruvchi tugallangan yaxlit asarni vujudga keltiradi.