TURNEPS

TURNEPS, xashaki sholg’om (Brassuca gara gara) — karamdoshlar oilasiga mansub ikki yillik o’simlik, emxashak ekini. Yevrosiyoda yovvoyi turidan kelib chiqqan. Yer sharining barcha dehqonchilik mintaqalarida faqat ekma holida tarqalgan. Ekilgan yili ildiz bo’g’izi barg bandlari hamda yirik ildizmeva hosil qiladi. 2-yili ekilgan ildizmevaning bosh qismidagi kurtaklardan gulpoya, to’pgul va urug’li mevalar rivojlanadi. Mevasi ko’p urug’li ko’zoqcha, urug’i mayda, rangi qora yoki jigarrang, 1000 dona urug’i vazni 2,5—3,0 gramm. Ildizmevasi va bargi sershira, mineral tuzlar va vitaminlarga boy. 100 kilogramm ildizmevasida 9 ozuqa birligi va 0,7 kilogramm hazm bo’luvchi protein, 100 kilogramm poyasida 11,4 ozuqa birligi, 1,8 kilogramm hazm bo’luvchi protein bor. Sovuqqa ancha chidamli. Turneps urug’i O’zbekiston sharoitida erta bahorda va takroriy ekin sifatida ezda keng qatorlab ekiladi. Urug’lik ekish me’yori 2,3—3,5 kilogramm/gektar, chuqurligi 1,5—2,5 santimetr. Qator orasi 60,70, 90 santimetr. Ildizmeva hosildorligi 400-500 tsentner/gektar (sug’oriladigan yerlarda 1000 tsentner/gektar va undan yuqori), barg hosildorligi 150-200 tsentner/gektar.