“Turon”

“Turon” — teatr truppasi. Jadidlarning 1913 y. Toshkent sh.da ochilgan birinchi teatr truppasi. Truppaning badiiy rahbari — Abdulla Avloniy, ma’naviy va moddiy homiysi Munavvarkori Abdurashidxonov va b. Toshkentning mo”tabar kishilari bo’lgan. Nizomiddin Xo’jaev, Badriddin A’lamov, Shokirjon Rahimiy, Muhammadjonqori Poshshaxo’jaev, Fuzail Jonboev, Hasanqori, Same’qori Ziyoboev, Qudratilla Yunusiy va b., 1916 y.dan Mannon Uyg’ur, G’ulom Zafariy, Sulaymon Xo’jaev kabilar truppaning asosiy kuchlari hisoblangan. Truppa o’z faoliyatini 1914 y. 27 Fev.da Toshkentdagi “Kolizey” teatri binosi (2000 tomoshabinli)da “Padarkush” (M. Behbudiy) spektakli bilan boshlagan. Bosh rollarni Abdulla Avloniy, S. Ziyoboev, M. Poshshaxo’jaev, B. A’lamovlar ijro etganlar. Spektaklni ozarbayjonlik aktyor va rej. Aliasqar Asqarov qo’ygan. 1915 y. shu spektakl N. Xo’jaev tomonidan qayta sahnalashtirilgan. Ketma-ket N. Qudratillaning “To’y”, A. Krdiriyning “baxtsiz kuyov”, A. Avloniyning “Advokatlik osonmi?”kabi asarlari sahnalashtirilgan. Ozarbayjon aktyori va rej.i Ruhillo sidki 1914— 16 y.lar Toshkentga ijodiy safari davomida “T.» teatri a’zolari o’rtasida musiqali drama janriga qiziqish uygotgan. Ozarbayjonlarning “Layli va Majnun” spektaklida “T.”truppasi a’zolari ham birga rol uynaganlar.Teatr muhim mavzu va janr doirasi asosida keng repertuar yaratish imkoniyatiga, Toshkentning eski va yangi shahar qismida o’zining qishlik va yozlik binosiga ega teatr jamoasi darajasiga ko’tarilgan. “Pinak” (A. Avloniy), “Mazluma xotin” (X. Muin), “O’liklar” (M. Qulizoda) kabi spektakllar bilan o’z repertuarini boyitgan. 1917 y. Oktyabr to’ntarishidan so’ng “T.» teatri hukumat ixtiyoriga olinib, unga davlat teatri maqomi berilgan. Turli davrda turli nomlar bilan yuritilgan. Mannon Uyg’ur teatrning etakchisi, badiiy rahbari bo’lgan (q. O’zbek milliy akademik drama teatri). Toshpo’lat Tursunov.