TUSH
TUSH, tush ko’rish — uyquda sodir bo’ladigan sub’yektiv psixik hodisa. Fiziologik jihatdan Tush bosh miya katta yarim sharlarining tormozlanmagan hujayralari faoliyati natijasidir. Chuqur uyqu paytida bosh miya po’stloq qismining hujayralari butunlay tormozlanadi va bunda tush ko’rilmaydi. Bosh miya po’stloq qismining ayrim bo’laklari tormozlanmaganda shu joylar kuchsiz ta’sirotlarga sezgir bo’ladi. Shunda odam tush ko’radi. Tushda uyqudagi kishi aniq va tasvirli kechinmalarning shohidi bo’ladi. Tushdagi voqealar bir-biriga bog’liq, bir oz noaniq, hayajonli, afsonaviy tus oladi. Tush, asosan, tez kechadigan uyqu fazasidan uyg’onish vaqtida yoki undan so’nggi bir necha minut davomida ro’y beradi, kishi uni uzoq vaqt yodda saqlay olmaydi. Kishi sokin kechadigan uyqu fazasida ham Tush ko’rishi mumkin. Ertalabki uyg’onish davrida Tush, odatda, uzoq davom etadi (chunki bunda “tez kechadigan” uyqu vaqti uzoqroq bo’ladi). Tushning xususiyati kishining nerv sistemasi tipiga, uning sog’lig’iga, ma’lum davrdagi kechinmalariga bog’liq.