Tuyabo’g’iz suv ombori, Toshkent dengizi

Tuyabo’g’iz suv ombori, Toshkent dengizi — Ohangaron daryosining o’rta oqimida barpo etilgan gidrotexnika inshooti. 1962 y.da qurilgan. Daryo suvini mavsumiy tartibga soladi. Umumiy hajmi 250 mln.m3, foydali hajmi 224 mln. m3 ni tashkil etadi. Suv yuzasi mayd. 20 km2. O’rtacha chuq. — 12,5 m. Ko’tarma tuproq to’g’on, chap va o’ng qirg’oq suv chiqargichlar va suv tashlagichdan iborat. To’g’onning uz. 2,4 km, ikki chekkasi qumoq tuproqdan qurilgan. Ombor gidrouzeli 1,9 km uzunlikdagi dambaga tutashgan. To’g’on ustidan Toshkent — Bekobod avtomobil yo’li o’tadi. 440 m uzunlik va suv sarfi 760 m3/sek bo’lgan tezoqar ko’rinishidagi suv tashlagich suvni 34 m pastlikka uzatadi. Suv tashlagichning emirilishini bartaraf etish uchun undan 600 m uzoqlikda umumiy bal. 40 m bo’lgan ochiq tipdagi ikki bosqichli sharshara qurilgan. Suv omboridan Qorasuv daryosiga va Tuyabo’g’iz Chapqirg’oq kanaliga suv beriladi. Suv ombori atrofida dam olish zonasi tashkil etilgan. Suv ombori Toshkent viloyatining Bo’ka, Oqqo’rg’on, O’rta Chirchiq, quyi Chirchiq tumanlarida sug’oriladigan erlarning suv ta’minotini yaxshilashga imkon berdi.