Tuz tektonikasi

Tuz tektonikasi – er pusti cho’kindi qatlami deformasiyalarining burmalangan tipi bo’lib, ularning asosida yoki kesimning o’rta qismida etarli darajadagi yirik (100 m va undan ko’p) tuz yotqiziqlari (tosh tuzi, kaliyli tuzlar) mavjud. Tuz qatlamlarini qoplab yotgan tog’jinslari notekis (har xil qalinlikda) bo’lganligi sababli, notekis bosim ostida tuz qatlamlari egilishi, cho’zilishi va bir joydan ikkinchi joyga siljishi mumkin. Tog’ hosil bo’lish jarayonida, ular orasida tuz qatlamlari ham o’ziga xos gumbazsimon bukilmalar hosil qiladi. Katta qalinlikdagi tuz qatlamini qoplab yotgan qatlamning notekis bosim ostida siqilishi natijasida u plastik holatga o’tadi va bosim ko’p tomondan kam tomonga surila borib, hajmi bir necha km3 ga etadi, tsilindr shaklida yuqoriga qarab bir necha km ga ko’tarilib boradi. T.t. rivojlanishining birinchi bosqichida tuz gorizontal yo’nalishda harakat qiladi va gumbazsimon shaklni oladi. Bu shakl “tuz yostig’i” deyiladi. Tuz harakati davom etib, “tuz yostig’i”, uni qoplab turgan tog’ jinslarining cho’zilishi natijasida sinadi va turli yostiqchalar paydo bo’ladi. Bular tuz harakatini engillashtiradi va tuz gorizontal yo’nalish o’rniga shu yoriqlar orqali yuqoriga qarab harakat qiladi. Bu jarayonda tog’jinslarini ham o’zi bilan ko’tarib yuboradi vatuz gumbazlarini hosil qiladi. Tuzning plastik holda cho’zilib yuqoriga ko’tarilishi natijasida tuz ostidagi tog’jinslari egilib, konsedimentasion bo’shliqlar hosil qiladi. T.t.ning mukammal oblastlariga Kaspiy yoni botig’i g’amda Meksika qo’ltig’i va sohillari botig’i kiradi. T.t. namoyonlari turli davrlar: kechki tokembriy (Jan. Avstraliya) — neogen (Tojikiston depressiyasi) yotqiziqlarida kuzatiladi. O’zbekiston Jan. da juda katta (1500 m gacha) qalinlikdagi tuz qatlamlarining ustki relefi soylik va tepaliklar bo’lgani uchun T.t. bu joylarda juda yaxshi rivojlangan. T.t.ni o’rganish tuz ostida yashirinib yotgan gaz va neft konlarini qidirib topishda muhim ahamiyat kasb etadi.