UCHQO’RG’ON

UCHQO’RG’ON — Namangan viloyati Uchqo’rg’on tumanidagi shaxar, tuman markazi. Viloyatning shim.sharqida, Norin daryosi (Sirdaryo havzasi) ning chap sohilida. Qo’qon — Andijon — toshko’mir yo’nalishidagi temir yo’l chorrahasi. Namangandan 42 kilometr shimoli sharqda. Aholisi 33,3 ming kishi (2004). Uchqo’rg’onda “Uchqo’rg’onyog'”, “Uchqo’rg’on don mahsulotlari”, “Uchqo’rg’onnon”, “Uchqo’rg’on—tekstil” korxonalari, paxta tozalash, asfalt zavodlari, bir necha qurilish tashkilotlari, avtokorxona va boshqa korxonalar bor. Umumiy ta’lim maktablari, gimnaziya, litsey, 2 kasb-hunar kolleji, madaniyat saroyi va madaniyat uylari, musika maktabi, Markaziy kutubxona va uning shoxobchalari ishlab turibdi. Sport sog’lomlashtirish majmuasi, stadion va boshqa sport inshootlari aholiga xizmat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, shahar vrachlik punkti, tez tibbiy yordam ko’rsatish bo’limi faoliyat ko’rsatadi. Uchqo’rg’ondan Namanganga avtobus qatnovi yo’lga qo’yilgan.