Ufa
Ufa — shahar (1586 yildan), Boshqirdiston Respublikasi poytaxti. Oq Idil daryosiga Ufa va dema daryolari quyiladigan joyda. Temir yo’l, daryo, avtomobil va havo yo’llari chorrahasi. Aholisi 1042,4 ming kishi (2002). Shahar 1574 yilda boshqirdlar qal’asi To’ratau o’rnida rus qal’asi sifatida vujudga kelgan. 1781 yildan Ufa noibligi, 1796 yildan Orenburg, 1865 yildan Ufa gubernyasi markazi. 1922-91 yillarda Boshqirdiston Muxtor SSR, 1991 yildan Boshqirdiston Respublikasi poytaxti. Neftni qayta ishlash, kimyo, neft kimyosi (“Bashneft” ishlab chiqarish birlashmasi, Novoufim, Ufa neftni qayta ishlash zavodlari, “Ufaneftexim”, “Ufaorgsintez” korxonalari), mashinasozlik va metallsozlik (motorsozlik, priborsozlik, agregat, “Orgtexnika” ishlab chiqarish birlashmalari; “Elektroapparat”, “PROMSVYAZ”, “Ufaselmash” va boshqa zavodlar), yog’ochsozlik, yengil, oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. 7 oliy o’quv yurti (shu jumladan, Boshqirdiston universiteti), Rossiya Fanlar Akademiyasining ilmiy markazi, 4 teatr (shu jumladan, opera va balet teatri). Boshqirdiston davlat badiiy muzeyi, M. G’afuri muzeyi bor. Shahar markazida Salavat Yulaevga yodgorlik o’rnatilgan.